16:15 / 28.04.2021
34743
«Oxirgi umidim sizdan...» - qirg‘izistonlik ona nega Tanzila Norboyevaga murojaat qildi?

Andijonga kelin bo‘lib tushgan Shoiraxon Egamova 30 yildan buyon fuqaroligi bo‘lmagan shaxs maqomida yashayapti. Pasporti yo‘qligi uchun 10 yildan beri bor-yo‘g‘i 100 km narida, Qirg‘izistonda yashovchi keksa onasini ko‘rgani bora olmaydi.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaga Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Nooken tumanida yashovchi 75 yoshli ona Chinixon Eraliyeva ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat yo‘lladi.

Chinixon ona o‘z murojaatida qizi Shoiraxon Egamovani 1990 yili Andijon viloyati Izboskan tumaniga uzatgani, qizi shu paytgacha uch farzandni kamolga yetkazib, nevara ko‘rgan bo‘lsa-da, haligacha O‘zbekiston fuqarosi pasportini ololmayotgani haqida kuyunib yozgan.

«Shoiraxon qizim o‘n yildirki, «fuqaroligi bo‘lmagan shaxs» (FBSh) maqomida bo‘lgani uchun Qirg‘izistonga – ona yurtiga o‘ta olmaydi. Chunki, pasporti yo‘q. Yuragi xasta. Sizdan pasport muammosini hal qilib berishni iltimos qilamiz.

Men esa qizimni ko‘rishga zor bo‘lib, Qirg‘izistonda yashayapman. Yoshim 80ga borib qoldi. Qizim ham meni, aka-uka, opa-singillarini ko‘rishga intizor. Qani edi qizim ham ota yurtiga kelib, sog‘inchini yozib ketsa.

2017 yili qizim barcha hujjatlarini to‘g‘rilab, Izboskan tumani markazi – Poytug‘ shahridagi «pasport stoli» xodimlariga bergan. Hujjatlarni qabul qilgan xodimlar tegishli qog‘ozlarning barchasi to‘g‘ri ekanini aytishgan, tegishli davlat to‘lovlari ham to‘langan. To‘rt yildan beri pasportdan darak yo‘q.

Xodimlar har safar «keyingi oyda bo‘lib qolar» degan javob berishmoqda. Ularni ayblamoqchi emasmiz, lekin boshqalarga berilayotgan pasport nega 4 yildan beri mening qizimga tegmayotganini tushunmayapmiz. Qizim bilan biri-birimizni ko‘rishga zormiz. Faqat telefonda gaplashyapmiz.

Oxirgi umid bilan yozgan murojaatimga bee'tibor bo‘lmaysiz, deya umid qilaman», deya Senat raisiga murojaat qilgan Chinixon ona Eraliyeva.

Kun.uz muxbiri 30 yildan beri fuqaroligi yo‘q fuqaro maqomida yashayotgan Shoiraxon Egamova bilan suhbatlashish uchun Izboskan tumaniga bordi.

«Necha yillardan beri qimtinib, o‘ksinib yashayman»

«Izboskanga 1990 yil avgust oyida kelin bo‘lib tushganman. Oldin sovet pasportiga ega edim, chegaradan bemalol o‘tib ota-onamni ko‘rib kelardim. Mustaqillikdan keyin bizga fuqaroligi bo‘lmagan shaxs maqomi berildi. Uch farzand ko‘rdim, ZAGS qog‘ozim borligi uchun ularga metrika oldik.

2010 yildan beri ota uyimga bora olmay qoldim. Qirg‘iziston FBSh hujjati bilan chegaradan o‘tkazmay qo‘ydi. Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan beri qanday yangi qarorlar chiqadi, nima yangiliklar bo‘ladi, pasport to‘g‘risida gapiriladimi, deb televizordan ko‘z uzmay kutib o‘tiraman.

Men yana murojaat bilan chiqdim. Yana 2017 yilda hujjat topshirdim. Natija yo‘q», – deydi Shoira Egamova.

30 yildan beri O‘zbekistonda yashab, haligacha fuqarolik pasportini ololmagan Shoira Egamovaning eri 2007 yili olamdan o‘tgan. Ayol boshi bilan qiz chiqardi, o‘g‘il uyladi, nabiralik ham bo‘ldi. Lekin, haligacha fuqarolik hujjatiga ega bo‘lgani yo‘q.

«Men saylovlarda qatnasha olmaganimdan armon qilaman. Kundalik hayotda o‘zimizning tumandosh odamlar bilan ham dadil muloqotga kirisha olmayman. Xuddi ular «Siz FBShmisiz?» deydigandek doim hadiksirab muomala qilaman.

Bir oycha bo‘lib qoldi, saylovga ro‘yxat olib yurganlar kelishib, «Uydagi pasportlaringizni olib chiqing», deyishdi. Pasportimni ko‘rib, «Opa, siz saylash huquqiga ega emassiz», deya chiqib ketishdi. Juda ezilib ketdim. 30 yildan beri fuqaro bo‘lolmayotganimga qiynalaman.

Bolalarim fuqaro bo‘lib, pasport olgan. Ko‘chada yurganda, qo‘shnilarimiz bilan o‘tirishlarimizda, «Bu kishim FBSh» deyishadi. Ular hazil qilishadi, lekin shu gap ham menga og‘ir botadi.

Men yurt sog‘inchini sizga aytib tushuntira olmasam kerak. 2009 yildan beri yurtimga o‘ta olmayman. Siz shu yurtning bolasisiz-da, sog‘inch nimaligini bilmaysiz. Hammasi shu yerda. Mahallangiz bor, sinfdoshlaringiz shu yerda, hammasi bilan yuzma-yuz gaplasha olasiz.

Mahallamizda ko‘chamizning boshida skvajina bo‘lardi, undan suv chiqar edi. O‘sha skvajinani ham sog‘inganman. Uning tepasida bir tup majnuntol bo‘lardi, uni ham sog‘inganman-da. Buni onamga ham aytaman. Onam ilgari kelib turardi. Ikki-uch martalab operatsiya bo‘ldi, shu bois hozir kelolmaydi. Aka-ukalarim kelib turadi. Yig‘lagim kelib ketadi-da gapirsam.

Onamni ko‘rgani bora olmaganim alam qilib ketadi. Onam besh-olti marta kasalxonada yotib, operatsiya bo‘ldi. Yonida mendan boshqa bolalari ham bor, lekin men ham farzandman. Bolaligim o‘tgan mahallamni ko‘rgim kelyapti.

Bolalarim hammasi – O‘zbekiston fuqarolari. Xudo xohlasa, yana 12-13 yildan keyin nabiralarim ham fuqarolik pasporti olishadi.

Menga nima uchun fuqarolik berilmayotganiga hayronman. Aybim bormi, nimada xato qilganman, jo‘natgan hujjatlarim qaysi qarorga to‘g‘ri kelmay qoldi? Jinoyat qilmagan bo‘lsam. Men hech qanday diniy oqimlarga ham qo‘shilmaganman.

Onam Tanzila Norboyevaga arz qilib chiqdi. Onamni 11 yildan beri borib ko‘rolmayman. Telefonda gaplashib turaman. Onamni bag‘rimga bosishni xohlayman. Shularni sog‘indim. Bu tuyg‘ularni sizga tushuntirib berolmayman.

«Pasport stoli»dagilarga hujjat topshirganimga 4 yil bo‘lgan bo‘lsa, men shu kungacha kamida 400 marta telefon qilgandirman. «Meni fuqaroligim nima bo‘lyapti», deb murojaat qilaverib ularni ham zada qilib yubordim. FBSh qo‘shnilarim yaqinda fuqarolik pasporti oldi. Rosa ezildim», – deydi Shoira Egamova.

Ona-bola telefon orqali videoaloqaga chiqib, yig‘lab suhbatlashishdi. Bu jarayonni kuzatishning o‘zi qiyin edi.

«Pasport berish masalasini Prezident administratsiyasidagi maxsus komissiya ko‘rib chiqadi, bu bizning vakolatimizda emas»

Izboskan tumani Ichki ishlar bo‘limi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga borib, bo‘lim boshlig‘i Otabek Ergashevdan Shoira Egamovaning muammosi yuzasidan izoh so‘radik.

Otabek Ergashev videokamera qarshisida intervyu bermasligini qayta-qayta ta'kidladi. «Bizga yuqoridan shunaqa buyruq kelgan. Intervyu bera olmayman», dedi mutasaddi. Andijon viloyat IIBga aloqaga chiqqanimizdan so‘ngina O. Ergashev og‘zaki izoh berishi va uning ovozini diktofonga yozib olishimiz mumkinligini aytdi.

«Pasport stoli» boshlig‘i haqiqatda bundan to‘rt yil oldin fuqaro Shoira Egamova bo‘limga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilgani, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun yuqori tashkilotlarga jo‘natilganini bildirdi.

Biz bo‘lim boshlig‘iga: «Shoira Egamova hujjatlarini 2017 yilda topshirgan bo‘lsa, nega shu paytgacha fuqarolik olishi kechikyapti? Undan keyin ariza topshirganlar ham pasport olib bo‘libdi. Bu ayolning hujjati kechikayotganini sababi nimada deb o‘ylaysiz?» degan savolni berdik.

«Ochig‘ini aytsam, sababini men bilmayman, chunki fuqarolik berish mening vakolatimda emas. Ariza Prezident administratsiyasidagi maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi va prezident farmoni bilan fuqarolik beriladi. Biz hujjatlarni kamchiliklarsiz jo‘natganmiz. Kamchilik bo‘lsa, kamchiliklarni bartaraf qilish uchun bizga qaytarib yuborilgan bo‘lar edi», deydi Otabek Ergashev.

E'tiborlisi, Shoira Egamova «4 yil davomida «pasport stoli»ga kamida 100 marta murojaat qilganman», degan bo‘lsa, «pasport stoli» bo‘lim boshlig‘i uning muammo yuzasidan umuman arz qilmaganini aytdi.

Maqolamiz so‘ngida, bor-yo‘g‘i 100 kilometr masofada yashab, qizining diydoriga zor o‘tayotgan jalolobodlik onaning Senat raisi Tanzila Norboyevaga murojaati ijobiy yakun topishiga umid bildirib qolamiz.

Elmurod Ermatov,
Jahongir Mahmudov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top