14:12 / 28.04.2021
13107
 O‘zbekistonda so‘nggi 70 yilda ilk bor yangi baliq turi kashf etildi

 Xitoyning Chunsin shahri Janubiy-g‘arbiy universitetida O‘zbekiston ixtiofaunasi bo‘yicha bir necha yildan beri tadqiqot olib borayotgan biolog-ixtiolog Baxtiyor Sheraliyev O‘zbekiston ixtiofaunasi uchun yangi bo‘lgan baliq turini kashf etishga muvaffaq bo‘ldi. Kashfiyot kuni kecha xalqaro Journal of Fish Biology ilmiy jurnalida chop qilindi.

Umurtqali hayvonlar orasida yangi turlarning topilishi fan uchun nisbatan noyob hodisa hisoblanadi. Yangi kashf etilgan baliq karpsimonlar turkumi yalangbaliqlar oilasiga kiradi. Bugungi kunda O‘zbekiston suv havzalarida 70 turdan ortiq baliq turlari tarqalgan bo‘lib, ularning ichida yalangbaliqlar soni 10 taga yetadi. Yangi tur Farg‘ona vodiysi Sirdaryo havzasining tog‘li mintaqalaridan kashf etilgan.

“Ikki yil avval respublika bo‘ylab o‘tkazilgan ilmiy ekspeditsiyamiz Farg‘ona vodiysida yakunlangandi. So‘nggi namunalarni yurtimizning eng go‘zal qismi Shohimardon qishlog‘idagi daryolardan yig‘gan edik. U yerdan yiqqan namunalarimiz orasidagi bir yalangbaliq yurtimizning boshqa joylarida uchraydigan yalangbaliqdan farq qilardi. Ishonch hosil qilish uchun uni morfologik tadqiq qildik. Xitoydagi maxsus laboratoriyamizda DNK barkoding usulida molekulyar genetik jihatdan o‘rgandik. Yakunda uning yangi tur ekanligiga shubha qolmadi”, - deydi tadqiqotchi.

Yangi turga u kashf qilingan mintaqa – Farg‘ona vodiysi sharafiga Farg‘ona yalangbalig‘i (Triplophysa ferganaensis) deb nom berildi. Ushbu tur O‘zbekiston, jumladan Farg‘ona vodiysi endemik turi hisoblanadi.

“Aholi orasida «ilonbaliq» nomi bilan mashhur bo‘lgan bu baliqning bizda bir nechta turi bor. Ular tashqi tomondan bir qarashda o‘xshash bo‘lsa-da, Zarafshonda uchraydigan tur, Toshkentning Chirchig‘idagi turdan, u esa Farg‘ona vodiysidagi Qoradaryoda uchraydigan turdan keskin farqlanadi. Yangi kashf qilingan Farg‘ona yalangbalig‘i esa yuqoridagi turlardan baland tog‘ mintaqasida uchrashi bilan ajralib turadi. Ushbu baliq turlari Kaynozoy erasining miotsen epoxasida paydo bo‘lgan bo‘lib, ular o‘sha davr paleogeologiyasi va paleoiqlimini o‘rganishda eng muhim manba hisoblanadi. Shu bois ham yangi kashf etilgan tur nafaqat O‘zbekiston ilm-fani uchun, balki jahon ixtiologiya ilm-fani uchun ham katta yangilik bo‘ldi”, - deb ta'kidlaydi tadqiqotchi.

Top