21:26 / 28.04.2021
3929

Senat Moliya vazirligi va Soliq qo‘mitasiga kitob ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha so‘rov yubordi

Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Moliya vazirligi va Soliq qo‘mitasiga kitob ishlab chiqarish sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha so‘rov yuborildi. Bu haqda parlament yuqori palatasi saytida ma'lum qilindi.

«O‘zbekiston prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning to‘rtinchisi – kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga qaratilgan. Bu orqali keng jamoatchilik o‘rtasida ma'naviyatni yuksaltirishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

Biroq kitob ishlab chiqarish sohasining, ya'ni noshirlar va bosmaxonalar uchun soliq imtiyozlarining bekor qilinishi, ularga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘ining qo‘llanishi aksariyat ishlab chiqaruvchilarni rasmiy faoliyat yuritishdan chetlashib, o‘g‘rincha (kontrafakt) mahsulotlar ishlab chiqarishga «undamoqda». Natijada «yashirin iqtisodiyot» rivojlanib, qonuniy faoliyat yuritayotganlarning salmog‘i kamayib bormoqda, sohada iqtisodiy nosog‘lom muhit tarkib topmoqda.

Shu o‘rinda, soha vakillaridan kelgan murojaatlarda kitob ishlab chiqarishga nisbatan tabaqalashtirilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini qo‘llash taklif etilmoqda. Jumladan, kitob ishlab chiqarish sanoatiga umumiyga nisbatan Rossiya Federatsiyasida 50 foiz, Germaniyada 36 foiz, Fransiyada 28 foiz, Buyuk Britaniyada esa «nol» foiz qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi qo‘llanilishi ta'kidlangan. Ya'ni mazkur davlatlarda kitob ishlab chiqarish sohasi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi kamida ikki barobarga pasaytirilgan», – deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, qo‘mita tomonidan yuqoridagilardan kelib chiqib, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasiga kitob savdosi korxonalariga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha tabaqalashtirilgan stavkalarni qo‘llash, shuningdek, sohani manzilli subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlash yuzasidan so‘rov yuborilgan.

Top