21:29 / 28.04.2021
4694

Suriya prezidenti saylovlarida 51 kishi ishtirok etish istagini bildirdi

Suriyada 26 may kuni o‘tadigan prezident saylovlarida ishtirok etish uchun 51 nomzoddan ariza olindi. Arizalar oliy konstitutsiyaviy sud tomonidan Suriya parlamenti – Xalq kengashiga topshirilgan.

Ta'kidlanishicha, 2014 yilda o‘tgan oxirgi prezident saylovlarida 24 kishidan ariza olingan, ulardan faqat 3 nafarigina, jumladan, amaldagi prezident Bashar Asad saylovlarda ishtirok etgandi.

Suriya konstitutsiyasiga ko‘ra, parlament saylovoldi kampaniyasi e'lon qilingandan keyin 10 kun davomida nomzodlardan ariza oladi. Joriy saylovoldi kampaniyasi 19 aprelda boshlangandi.

Biroq saylovlarda parlamentning kamida 35 deputati ovozini to‘play oladigan nomzodlargina ishtirok eta oladi.

Suriya parlamenti 250 deputatdan iboratligi e'tiborga olinsa, prezident saylovlarida nazariy jihatdan 7 nafardan ko‘proq nomzod ishtirok eta olmaydi. Amaldagi prezident Bashar Asad bosh kotibi hisoblanadigan «Baas» partiyasi parlamentda 167ta o‘ringa egaligi sababli ushbu partiya nomzodi saylovlarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritish uchun eng ko‘p imkoniyatga ega.

Bashar Asad o‘z otasi – Suriyaning sobiq prezidenti Hafiz Asad 2000 yilda vafot etgandan keyin mamlakatga rahbarlik qilib keladi. Asaddan tashqari, prezident saylovlarida birinchi marta 2014 yilda boshqa nomzodlar ham ishtirok etgan. O‘shandagi saylovlar natijalariga ko‘ra, Asad 88,7 foiz ovoz to‘plab, Suriyaga uchinchi marta prezident etib saylangandi.

Top