15:50 / 28.04.2021
4131

Xayriya natijasi: Jamshid Isroilov Hindistonda muvaffaqiyatli operatsiya qilindi

2021 yil 1 fevral kuni saytimiz orqali Xayriya e'lon qilinib, unda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida yashovchi Jamshid Isroilov saxovatpesha insonlardan yordam so‘rab marojaat qilgandi. Bemorning otasi Usimboy Isroilov esa o‘g‘liga o‘z jigarini bermoqchi ekanligini aytib o‘tgan.

Saxovatpesha insonlarning yordami bilan barcha pullar yig‘ilib bo‘lgandan keyin bemor va uning yaqinlari 26 mart sanasida Hindistonga uchib ketishgan edi.

Jamshid Isroilovning yaqinlaridan biri Javlon Botirovning aytishicha, bemor bir necha kun oldin Hindistonda muvaffaqiyatli operatsiya qilingan. Hozirda bemorning ahvoli yaxshi.

“Jamshidbek bir necha kun oldin muvaffaqiyatli operatsiya qilindi. Hozirda uning ahvoli juda yaxshi. Ular Allohning mehribonligidan, unga yana bir bora qayta salomatlik ne'matini berganidan juda xursand. Aytishlaricha, to‘liq muolajalar tugashiga 2 oycha vaqt ketarkan. Shundan so‘ng qaytishmoqchi. Ayni vaqtda Hindistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat ancha jiddiy tus olgan. Shu sababli shifoxonalarda ham nazorat kuchaytirilibdi.

 Yaxshi insonlar ko‘p ekan. Biz deyarli umidni uzib bo‘lgandik. Biroq Xayriya chiqqandan so‘ng, juda ko‘pchilik qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘rashdi. Qo‘llaridan kelganicha yordam ko‘rsatishdi. Mahallamiz kishilari uyma-uy kirib pul yig‘ishdi. Bu yaxshiliklarni bir umr unutolmasak kerak. Jamshidbekning o‘ziyam yaxshi bo‘lib, oyoqqa turib ketsa, butun umr odamlarga yaxshilik qilish niyatida.

Shu o‘rinda, O‘zbekistondagi barcha saxovatpesha insonlarga, Mahalla vakillari, shuningdek, Kun.uz jamoasiga ham katta minnatdorchilik bildiramiz, Alloh rozi bo‘lsin”, – deydi Javlon Botirov.

Biz ham mana shunday ulug‘ ayyom kunlarida ushbu yurtdoshimizga tezroq tuzalib, vatanga eson-omon qaytishiga tilakdoshmiz. 

Top