21:21 / 28.04.2021
6900
YeChL anonsi. «PSJ» - «Manchester Siti»ga qarshi

Chempionlar ligasi yarimfinali o‘tgan dastlabki kunda «Real» Madridda «Chelsi» bilan (1:1) durang qayd etgan bo‘lsa, chorshanba oqshomida bizni yana bir grandlar to‘qnashuvi – «PSJ» - «Manchester Siti» qarama-qarshiligi kutib turibdi.

2016 yildan keyin ilk marta Chempionlar ligasi yarimfinaliga qadar yetib kelgan Pep Gvardiola shogirdlari YeChL joriy mavsumida mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. «Siti» 5 yil o‘tib, final uchun kurash olib borsa, «PSJ» ketma-ket ikkinchi mavsum finalga chiqish uchun kurash olib boradi.

Kim qanday holatda?

«PSJ»
So‘nggi natijalari: G‘G‘G‘MG‘G‘
Oxirgi uchrashuv: «Mets» - «PSJ» 1:3, 24 aprel
Chempionatda: 2-o‘rin

«Manchester Siti»
So‘nggi natijalari: G‘G‘MG‘MG‘
Oxirgi uchrashuv: «Manchester Siti» - «Tottenhem» 1:0, 25 aprel
Chempionatda: 1-o‘rin

Maurisio Pochettino («PSJ» bosh murabbiyi):

- Ikki yil avval «Tottenhem» bosh murabbiyi sifatida «Siti»ni chorakfinalda mag‘lub etganimiz hech narsani o‘zgartirmaydi. O‘sha o‘yinlar umuman boshqacha o‘tgandi. Ikki xil vaziyatda bo‘lgan jamoalar bahsi edi. Hozirgi «Siti» ancha o‘zgargan, men esa «PSJ»da ishlayapman. Hozirgi jamoam «Tottenhem»dan mutlaqo farq qiladi.

Jahonning eng yaxshi murabbiyi qo‘l ostidagi eng yaxshi jamoadan biriga qarshi maydonga tushamiz. Ko‘ramiz, qani bizga «Bavariya»ga qarshi o‘yindan ham qiyinroq bo‘larmikan.

Xosep Gvardiola («Manchester Siti» bosh murabbiyi):

- Parij va Manchesterdagi o‘yinlarda bizga qiyin bo‘lishini yaxshi anglab turibmiz. «PSJ» tarkibidagi futbolchilar qanday mahoratga ega ekanligini barcha biladi, ularda imkoniyatlar bo‘lishi aniq. Ammo Chempionlar ligasi yarimfinaliga chiqqaningdan keyin raqibdan yana nimani ham kutish mumkin? Biz o‘yindagi 90 daqiqa vaqt davomida raqib safidagi qaysidir futbolchi haqida o‘ylab o‘tirishimiz kerakmi? Yo‘q, o‘yindagi bosim va vaziyatlardan rohatlanish kerak. Premer-liga – eng qiyin, Chempionlar ligasi esa eng chiroyli turnir. Futbolchilarimiz yaxshi sport formasida, barcha o‘yinga shay. Qaysidir jamoalar uchun bu bosqichga yetib kelish odat, biz uchun esa yarimfinalga chiqish o‘zgacha holat. Ishoning, bunday o‘yin uchun Parijga borish katta baxt, bu ajoyib.

28 aprel (chorshanba)
YeChL. Yarimfinal. Dastlabki o‘yin
PSJ – MANCheSTeR SITI

Parij, «Park de Prens» stadioni
O‘yin boshlanish vaqti: 23:59
TV-translatsiya: UzReportTV

Taxminiy tarkiblar:
«PSJ»:
 Navas; Florensi, Markinos, Kimpembe, Diallo; Guey, Paredes; Di Mariya, Verratti, Neymar; Mbappe;
«Man Siti»: Ederson; Uoker, Stounz, Ruben Diash, Kanselu; Rodri, Gundo‘g‘an; Mahrez, de Bryuyne, Foden; Bernardu Silva.

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentyabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Top