18:08 / 29.04.2021
10590
Auksiondagi o‘yinlar. Buxoro tibbiyot institutidagi qonunbuzilish holatlari tasdiqlandi

Buxoro davlat tibbiyot instituti «Odam anatomiyasi» darsligini sotib olish uchun 1,4 mlrd so‘mlik shartnomalar tuzgan edi. Darslik mualliflari – shu institut rektori va xodimi. Aksilkorrupsiya agentligi va Aksilmonopol qo‘mita bu yerda qator qonunbuzilish holatlari borligini tasdiqladi.

Foto: Buxoro davlat tibbiyot instituti

Bloger Umid G‘ofurov Buxoro davlat tibbiyot institutida korrupsiya avj olgani haqida ma'lum qilgan, o‘z navbatida OTM bu iddaolarni rad etgandi. Kun.uz 5 aprel kuni ikki tomon fikrlarini keltirgan holda, ba'zi savollar ochiq qolayotgani haqida xabar bergandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi holat yuzasidan o‘z o‘rganishlari xulosalarini taqdim etdi.

Har ikki idora institut davlat xaridlari bo‘yicha qonun talablarini buzganini tasdiqlagan.

Bungacha nimalar ma'lum edi?

Umid G‘ofurovning aytishicha, «Odam anatomiyasi» darsligi mualliflaridan biri va ayni vaqtda institut rektori v.v.b. Shuhrat Teshayev «Bitubi Grupp» MChJ ta'sischisi Eduard Itskov bilan kelishgan holda, bir nechta shartnomalar orqali 1,4 mlrd so‘mga yaqin institut pullarini shu korxonaga ko‘chirib bergan.

Bloger, shuningdek, bu darslikni chop etish bo‘yicha buyurtmalar shubhali tarzda «Bitubi Grupp» MChJga berilayotgani, darslik talabalarga majburan sotilayotganini ta'kidlagan.

OTM esa ushbu ma'lumotlarni rad etib, institut kitob chop etish bo‘yicha shartnomalarni birja orqali qonun doirasida amalga oshirgani, shartnomalarning aksariyati Sh.Teshayev hali rektor bo‘lmagan vaqtda tuzilganini bildirgan.

Na litsenziyasi va na ruxsatnomasi bor korxona bilan shartnoma tuzilgan. Aksilkorrupsiya agentligi xulosasi

Agentlik Buxoro viloyati prokuraturasi bilan birga o‘tkazgan tekshiruvlarda aniqlanishicha, haqiqatan ham Buxoro davlat tibbiyot institutining kutubxona fondini boyitish maqsadida «Bitubi Grupp» MChJdan 721,2 mln so‘mlik jami 1 725 dona «Odam anatomiyasi. Atlas» kitobi xarid qilingan. Shundan 602,2 mln so‘m talabalarning to‘lov-kontraktidan tushgan mablag‘lar hisobiga, 119 mln so‘m budjet mablag‘lari hisobiga amalga oshirilgan. Kitoblar hisobxona balansiga to‘liq kirim qilingan va sanoqdan o‘tkazilganida kamomad aniqlanmagan.

Bu xaridlarni amalga oshirish uchun institut va MChJ o‘rtasida bir nechta shartnomalar tuzilgan. Xususan, 2019 yil 13 avgustda tuzilgan 1-sonli shartnomaga asosan, 17,8 mln so‘m miqdoridagi 15 foizlik oldindan to‘lov «Bitubi Grupp» MChJ korxonasiga o‘tkazib berilgan. Biroq, bu vaqtda «Bitubi Grupp» MChJning noshirlik litsenziyasi ham, bu kitobni nashr etish uchun ruxsatnomasi ham bo‘lmagan.

Shuningdek, kitob xarid qilish maqsadida tuzilgan 299,7 mln va 419,8 mln so‘mlik ikkita to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma davlat xaridlarini amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar sababli bekor qilingan.

«Institut balansidagi «Lasetti» rusumli avtomashinaga 2019-2020 yillar uchun belgilangan limitga nisbatan 1144 m3 ortiqcha sarflangan siqilgan gaz yoqilg‘isi uchun 8,4 mln so‘m institutning sobiq rahbaridan undirilgan», – deyiladi Aksilkorrupsiya agentligi axborotida,

Ma'lumot uchun, 2017-2020 yillarda BDTI rektori lavozimida Amrillo Inoyatov ishlagan, u hozir – sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari.

Amaldagi rektor Shuhrat Teshayev esa 2021 yilning yanvar-fevral oylari davomida 381 ming so‘mlik 158 m3 siqilgan gaz yoqilg‘isi belgilangan limitdan ortiqcha sarflagan. U yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan.

Shuhrat Teshayev
Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Bundan tashqari, institut haydovchisi B.D.ning mehnat shartnomasi noqonuniy ravishda tugatilgani holati viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, haydovchi qayta ishga tiklangani ma'lum qilindi.

O‘rganish davomida, shuningdek, to‘lov-kontrakt tushumlaridan tushadigan ajratmalardan Sog‘liqni saqlash vazirligining rivojlantirish jamg‘armasiga 7,8 mlrd. so‘mlik o‘tkazmalar o‘z vaqtida o‘tkazib berilmagani aniqlangan va bu summa jamg‘armaga to‘liq o‘tkazib berilishi ta'minlangan.

Auksiondagi o‘yinlar. Aksilmonopol organ xulosasi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi o‘z tekshirishlarida 2020 yil avgust oyida o‘tkazilgan auksionda uch tomonlama kelishuv borligini aniqlagan.

Xususan, maxsus axborot portalida joylashtirilgan dastlabki tijoriy takliflarga ko‘ra, «Bitubi Grupp» MChJ 933 dona «Odam anatomiyasi» kitoblari uchun 382 530 000 so‘m bilan, «Buxoro Sharq» MChJ esa 373 666 500 so‘m bilan o‘z takliflarini bildirgan. Shunga qaramay, 933 dona kitobning umumiy narxi 373 666 500 so‘mga xarid qilish uchun shartnoma «Bitubi Grupp» MChJ bilan tuzilgan.

Ya'ni, maxsus axborot portalidagi ma'lumotlar, «Bitubi Grupp»ning taklifi 373.666.500 so‘mga, «Buxoro Sharq»ning taklifi esa 382 530 000 so‘mga almashtirilgan.

«Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talabiga muvofiq, savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish mumkin bo‘lmasa-da, buyurtmachi «Odam anatomiyasi» kitobining Sh.J.Teshayeva va Ye.A.Xaribovalar tomonidan yozilganini xarid qilishga e'lon bergan. Ikkala muallif ham Buxoro tibbiyot instituti xodimi hisoblanadi.

Mazkur kitoblar xaridini o‘rganish jarayonida, oldingi o‘tkazilgan auksionlarda №5113538-sonli loti bilan «Kurilish Ta'mir Savdo» MChJ, №5121356-sonli lot bilan «Global Baxodir Trast» MChJlar g‘olib deb topilgan. Ammo, kitob yetkazib berishning imkoni bo‘lmagach, o‘zaro kelishuvga ko‘ra shartnomalar bekor qilingan. Aniqlanishicha, kitobni aynan «Bitubi Grupp» MChJ chop etgan.

O‘rganish yakunlariga ko‘ra, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan Buxoro tibbiyot institutiga qarshi ish qo‘zg‘atib, unga ko‘rsatma berilgan

Top