20:31 / 29.04.2021
5918
«Jamoatchilik kerak emas degan bino qurilmaydi» - «Shahidlar xotirasi» majmuasini rekonstruksiya qilish loyihasi taqdim etildi

Rekonstruksiya loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Shu orqali qaysi binolarni qoldirish, qaysilarini olib tashlash masalasi ko‘rib chiqiladi, xulosa qilinadi va keyin qurilishga kirishiladi.

Qurilish vaziri o‘rinbosari Nasrullo Boboyev «Shahidlar xotirasi» majmuasini rekonstruksiya qilish loyihasi haqida ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, hududda hukumat qarori bilan qatag‘on qurbonlari nomi aks etadigan ramziy kitob, muzey xodimlari uchun bino, milliy hunarmandchilik va savdo do‘konlari, amfiteatr, veloyo‘laklar quriladi.

«Hozirda majmua rekonstruksiyasi bo‘yicha eskiz loyiha takliflari ishlab chiqilgan. Ular asosida ishchi loyiha hujjatlari tayyorlanmoqda. Bu hali qurilish boshlandi, degani emas. Hali hudud to‘liq o‘rganiladi, muhandislik qidiruv ishlari amalga oshiriladi.

Rekonstruksiya uchun qaror qabul qilinishi, bunga katta mablag‘lar ajratilishi o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Bu binoni ko‘p yil ekspluatatsiya qilish jarayonida sifatli qurilishiga e'tibor qaratilmagani yoki kerakli mutaxassislar o‘sha ish bilan shug‘ullanmagani holatlari bor. Ventilyatsiyalar ham ma'naviy eskirib, rekonstruksiya talab qilinadigan darajaga kelib qolgan.

Qurilish vaziri o‘rinbosari Nasrullo Boboyev

Biz insonlarga o‘sha yerdagi minimal sharoitlarini yaratib berishimiz kerak.

Quriladigan amfiteatrda bobolarimiz hayotidan teatr parchalari namoyish etiladi, turli ilmiy davra suhbatlari o‘tkaziladi. 

Rekonstruksiya loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yamiz. Jamoatchilik fikrini olgan holda qaysi binolarni qoldirish, qaysilarini olib tashlash masalasi ko‘rib chiqiladi, xulosa qilinadi va keyin qurilishga kirishiladi.

Jamoatchilik kerak emas bu binoni bu yerda o‘rnatish, desa, u narsani loyihadan chiqarib tashlaymiz.

Bu joyning ziyoratgohlik ahamiyati ko‘proq. Majmuaga caylgoh yoki ko‘ngilochar joy emas, ziyoratgoh sifatida qarashimiz kerak», dedi vazir o‘rinbosari 28 aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Shuningdek, tadbirda «Qatag‘on qurbonlari muzeyi» binosi, ramziy rotonda va favvoralar rekonstruksiya qilinishi bildirildi. Muzey direktori o‘rinbosari Yusuf Ashurovning aytishicha, hozirda bino ta'mirga muhtoj holga kelib qolgan.

Yusuf Ashurov

«Muzeyimiz 2002 yilda qurilgan bo‘lib, hozirgi kunda ma'naviy eskirib qoldi. Ventilyatsiya, konditsioner, isitish tizimlari ancha eskirdi. Rekonstruksiya jarayonida ekspozitsiyalarni boyitish va yangilash, ya'ni qaytadan qurish ishlari olib boriladi.

Binoning o‘ziga yarasha juda ko‘p muammolari bor. Yerto‘lasida doimiy zaxlik mavjud bo‘lib, bino nam tortib turadi. Shuning hisobiga uning zaxligi birinchi qavatga ham uradi.

Binoni qish kunlari isitish muammo. Bizdagi konditsionerlar noto‘g‘ri qo‘yilgan va o‘sha davr texnikasi bo‘lgani uchun hozirda ular ish bermay qoldi. Hozir zamonaviy konditsionerlashtirish tizimini joriy qilmoqchimiz», dedi u.

Tadbirda muhandislik qidiruv ishlari olib borilishi sababli majmua faoliyati to‘xtatilgani, ishchi hujjatlar to‘liq ishlab chiqilishi uchun 1-1,5 oy vaqt ketishi, hali pudratchi aniqlanmagani va ular qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishi bildirildi.

Avvalroq, Toshkentdagi «Shahidlar xotirasi» majmuasida yangi binolar qurilishi jamoatchilik e'tirozlariga sabab bo‘lgandi. Qurilish vaziri Botir Zokirov xotira xiyoboniga amfiteatr, kafe va do‘konlar qurilishini «bularning barchasi qulaylik yaratish nuqtayi nazaridan qilinayotgani» bilan izohlagandi.

«Shahidlar xotirasi» majmuasini rekonstruksiya qilish loyihasi:

Top