15:05 / 29.04.2021
14958
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat keskinlashgani sababli strategik trassa yopildi

Ma'lumot berilishicha, Botken oblastidagi Oq-Soy, Oq-Tatir va Samarqandek qishloqlarida maxsus rejim joriy etilgan.

Foto: Qirg‘iziston IIV

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat keskinlashgani sababli O‘sh-Botken–Isfana strategik trassasi yopildi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumatining Botken viloyatidagi vakili Omurbek Suvanaliyev ma'lum qildi.

 Uning so‘zlariga ko‘ra, vaqti-vaqti bilan mahalliy aholi vakillari o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda, vaziyat keskin. Nizo kuchayib ketishining oldini olish maqsadida Tojikiston tomoni bilan muzokaralar muntazam ravishda olib borilmoqda.

 "Chegaraoldi hududida vaziyat barqarorlashdi, deyishdan yiroqmiz. Odamlar asabiy. Pandemiya sababli chegaralar yopilgan, chegaraoldi savdosi to‘xtagan, shuning uchun videokamera o‘rnatish bilan bog‘liq voqea shunday nizoga aylanib ketgan", - dedi Suvanaliyev.

 Ma'lumot berilishicha, Botken oblastidagi Oq-Soy, Oq-Tatir va Samarqandek qishloqlarida maxsus rejim joriy etilgan.

 28 aprelda Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi mahalliy aholi ishtirokida mojaro yuz berdi. Ma'lumotlarga ko‘ra, mojaroga Tojikiston tomonining chegaraoldi hududi «Bosh suv taqsimlagich» deb nomlangan qismidagi elektr uzatish liniyasi ustunlarida videokuzatuv kameralarini o‘rnatishni boshlagani sabab bo‘lgan. Biroq Qirg‘iziston ushbu hududni bahsli deb hisoblaydi. 

 Qirg‘izistonning voqea joyiga kelgan chegara otryadi va Botken oblasti ichki ishlar bo‘limi xodimlari kameralarni o‘rnatish bo‘yicha ishlarni to‘xtatishni talab qilishgan. Biroq ikki davlat chegarachilari kelisha olmagach, ikki tomondan 150ga yaqin odam to‘planib, bir-birlariga tosh uloqtira boshlashgan. 

 Qirg‘iziston tomonining xabar berishicha, 3 nafar qirg‘izistonlik jarohat olgan. O‘z navbatida, Tojikiston milliy xavfsizlik qo‘mitasida ma'lum qilinishicha, mojaro 7 nafar tojik fuqarosi jabrlanishiga sabab bo‘lgan. 

Mavzu
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida otishma ro‘y berdi. Tomonlar nizoda yana bir-birlarini ayblashmoqda.
Barchasi
Top