12:00 / 29.04.2021
15463

Turkmanistonda «prezident imiji»ni buzmaslik uchun navbatda turish taqiqlandi

Turkmanobod shahrida oziq-ovqat sotib olish uchun to‘rt kishigacha navbatda turishga ruxsat berildi. Turkmanboshi o‘g‘lining ta'kidlashicha, uzunqator navbatlar ota-prezidentning imijini buzmoqda.

Turkmaniston prezidentining o‘g‘li va mamlakat bosh vazirining o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedov savdo vaziridan prezidentning obro‘yiga putur yetkazmaslik uchun do‘konlar oldida navbatlarni taqiqlashni talab qilgan.

«Serdar Berdimuhamedov savdo vaziridan biror bir fuqaro do‘konlarning atrofida yoki uning oldida yig‘ilmasligini talab qildi. Chunki olomon ota-prezidentning obro‘yiga putur yetkazmoqda», — deya xabar bermoqda mahalliy OAV.

Yangi tartibga ko‘ra, fuqarolar do‘konlarda ro‘yxatdan o‘tishlari va oziq-ovqat sotib olishlari uchun qo‘ng‘iroqni kutishlari kerak. Turkmanobodda to‘rt kishigacha navbatda turishga ruxsat berilgan.

«Politsiya xodimlari do‘konlarning oldida to‘rt kishidan ko‘proq odamning navbatda turishiga ruxsat bermayapti. Bundan tashqari, tovarlar do‘konning asosiy kirish qismidan emas, balki orqa eshik orqali sotilmoqda. Kimdir norozilik bildirsa, politsiya hatto qamab qo‘yish bilan tahdid qilmoqda», deb ta'kidlagan turkmanobodliklardan biri mahalliy ommaviy axborot vositalariga.

Xuddi shunday taqiq avval Turkmaniston poytaxti Ashxobodda ham joriy qilingan edi. Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, Ashxobod aholisi taqiqni e'tiborsiz qoldirgani uchun politsiya aholining bir qanchasini hibsga olgan.

Ma'lumot uchun, Turkmanistonda oziq-ovqat inqirozi qatorasiga to‘rtinchi yil davom etmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining qimmatligi odamlarni ertalab 6 dan 8 gacha imtiyozli shartlarda sotiladigan mahsulotlarini xarid qilishga undagan. Ammo Turkmaniston hukumati mamlakatda oziq-ovqat inqirozi mavjudligini tan olmay kelmoqda.

Top