10:41 / 29.04.2021
4556

Xitoy orbitaga bo‘lg‘usi koinot stansiyasining asosiy modulini chiqardi 

Xitoy «Chanchjen-5V» raketasi yordamida Yerga yaqin orbitaga bo‘lg‘usi koinot stansiyasining asosiy moduli «Tyanxe»ni chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Xitoy milliy koinot agentligi ma'lum qildi.    

Raketaning parvozi Xaynan orolidagi Venchan kosmodromidan Pekin vaqti bilan soat 11:25da amalga oshirildi. Taxminan 7 daqiqadan keyin «Tyanxe» moduli orbitaga chiqarilgan. 

370 km balandlikdagi orbitaga boshqaruv markazi, fazogirlar yashaydigan bo‘lma va shlyuzga ega modulning chiqarilishi Xitoy orbital stansiyasini qurishdagi birinchi bosqich hisoblanadi. Modulning og‘irligi 22,5 tonnani va hajmi 50 kvadrat metrni tashkil qiladi.  

Stansiyani to‘liq qurish uchun 11ta parvoz va bir yildan ko‘proq vaqt talab etiladi. 

Orbitaga yana ikkita laboratoriya moduli chiqariladi. Ular asosiy modulga ulanadi. Shuningdek, stansiyaga 4ta yuk va 4ta boshqariluvchi kema uchiriladi. Jumladan, may oyidayoq stansiyaga «Tyanchjou-2» yuk kemasi, iyunda esa 3 nafar fazogir bilan birga «Shenchjou-12» kemasi jo‘natilishi kutilmoqda. Fazogirlar stansiyaga yetkazilgan qurilmalarni yig‘ish va ishga tushirish ishlarini olib boradi. 

Stansiya 2022 yilda qurib bitkazilgandan keyin umumiy og‘irligi 100 tonnaga yaqinni tashkil qiladi. U Xalqaro koinot stansiyasidan bir necha marta kichikroq bo‘ladi. Xitoy stansiyasi doimiy ravishda 3 fazogirni qabul qila oladi.

Top