07:49 / 29.04.2021
5456
Xorijda pulsiz qolgan vatandosh qay tartibda yordam olishi mumkin? - TIV vakili bilan suhbat

Chet elda og‘ir moliyaviy holatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolariga vatanga qaytish uchun qarz berib turiladi. Kun.uz muxbiri shu mavzudagi savollarga Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘idan javob oldi.

Hukumatning 12 apreldagi qarori bilan, O‘zbekiston fuqarolariga xorijda yashash uchun pulsiz qolgan taqdirda, moliyaviy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Kun.uz ushbu masala yuzasidan batafsil ma'lumot olish uchun Tashqi ishlar vazirligi Konsullik huquqiy departamenti boshqarma boshlig‘i Burhon Aliqulov bilan suhbat uyushtirdi.

«Hech kimga sir emas, hozirgi kunda chet davlatlarga ishlab, o‘qib va sayyohlik maqsadlarida yurgan ko‘plab yurtdoshlarimiz turli xil vaziyatlarga tushib qolishi mumkin va bunday holat bor. Bu hujjat O‘zbekiston o‘zining fuqarolariga va ularning taqdiriga befarq emasligini ko‘rsatadi.

Bunga ehtiyoj katta edi, qiyin ahvoldagi fuqarolarimizga yordam berish masalasida bizga judayam ko‘p murojaatlar kelib tushadi. Ushbu hujjat yordamida yillar davomida shakllangan ushbu muammoga huquqiy yechim va tartib-qoidalar ishlab chiqildi», – deydi Burhon Aliqulov.

— Xorijda qiynalib qolgan fuqarolarimizga beriladigan qarz miqdori qanday aniqlanadi?

— Qarorning ilovasida har bir davlatdagi kundalik yashash va transport harajatlari o‘rganilib, shuningdek bu boradagi xorijiy tajribalar, O‘zbekistondagi ichki sharoitlar ham o‘rganilib, shunga muvofiq fuqarolarga beriladigan aniq qarz summalari belgilangan.

Nizomning 1-moddasiga muvofiq, ushbu qarzlar fuqarolarga xorijda mablag‘larsiz qolgan taqdirda, ularning O‘zbekiston Respublikasiga qaytib kelishini ta'minlash maqsadida ajratiladi. Buning uchun fuqaro, ta'minotchi va konsullik muassasasi o‘rtasida uch tomonlama qarz shartnomasi imzolanadi.

Fuqarolarimiz O‘zbekistonga qaytgach, 30 kun muddatda qarzni qaytarishi kerak bo‘ladi.

— Qarz mablag‘i qay shaklda beriladi, naqd puldami yoki boshqacha shaklda?

— Elchixona, konsullik muassasalari bilan fuqaro o‘rtasida naqd pul shaklida qarz oldi-berdilari olib borilmaydi. Bu narsa taqiqlangan. Tartib shunday: avvalo xorijda qiynalib qolgan fuqaro o‘ziga yaqin bo‘lgan O‘zbekistonning diplomatik muassasasiga murojaat qiladi. Uning hujjatlari ko‘rib chiqiladi va qanday shaklda yordam berilishi aniqlanadi.

Agar fuqaro turar joy yoki oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyoji bo‘lsa, unga chet eldagi ta'minotchi tashkilotdan mahsulotlar olib beriladi yoki mehmonxonasiga pul o‘tkazilishi mumkin. Keyin O‘zbekistonga qaytishi uchun eng yaqin sanaga chipta olib beriladi.

Ko‘rib turganingizdek, fuqaroning qo‘liga naqd pul berilmaydi, lekin birlamchi ehtiyojlari qondirilib, O‘zbekistonga kelib olishiga yordam beriladi. Bu narsa qonunda ham mustahkamlangan.

Xorijdagi fuqarolarimiz ham ushbu holatni, ya'ni naqd pul shaklda pul berilmasligini tushunib olishini xohlardim.

— Qanday hollarda fuqarolarga qarz ajratiladi va qanday holatlarda ularga qarz ajratish rad qilinadi?

— Nizomga ko‘ra, avvalo qarz so‘ragan fuqaroning taqdim etgan hujjatlari va qarzga qanchalik ehtiyoji borligini elchixonalarimiz o‘sha davlatdagi tegishli tashkilotlar yordamida o‘rganib chiqadi. Fuqaroning o‘zi bilan yuzma-yuz suhbat qilinadi, uning ish beruvchisi bilan muloqotlar o‘tkaziladi. Shundan kelib chiqib, unga qarz berish masalasi hal qilinadi.

Qanday holatlarda fuqaroga qarz berish rad etiladi: avvalo, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmasa, unga yordam berish rad etiladi. Ikkinchidan, qarz olish uchun yolg‘on ma'lumotlar taqdim qilsa, rad qilish uchun asos bo‘ladi. Shuningdek, birinchi marotaba qarz olib, uni 30 kunlik muddatda qaytara olmagan bo‘lsa, unga ikkinchi marotaba qarz berilmaydi.

Bundan tashqari, xorijiy davlat hududida biror huquqbuzarlik sodir etgani yoki unga nisbatan ish ochilgani uchun o‘sha davlat hududidan chiqib ketishiga taqiq qo‘yilgan fuqarolarimizga ham qarz berilmaydi. Chunki ular o‘z vaqtida o‘sha davlatdan chiqib ketolmasliklari va qarzni o‘z vaqtida qaytarib berolmasliklari mumkin. Cheklovlar yechilgach, unga yuqoridagi shartlar asosida qarz berilishi mumkin.

O‘zbekistonning diplomatik muassasalari mavjud bo‘lmagan davlatda qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarimiz o‘ziga yaqinroq davlatdagi O‘zbekistonning elchixonasi yoki konsulxonasiga murojaat qilishlari mumkin. Ularning arizalarini ko‘rib chiqish masalasida yengillik berilishi mumkin, ya'ni o‘zining kelishini talab qilmasdan, xodimlarimiz onlayn suhbatlashishi ham mumkin.

Qonun hali endi ishlab chiqildi, uning ishlash jarayonini amaliyotda ko‘rishimiz kerak, shunga qarab u takomillashib boraveradi.

— Olingan qarzni qaytarish muddati sifatida 30 kunning belgilanishini qanchalik to‘g‘ri? O‘zi qiynalgani uchun xorijga ketgan fuqaro u yerda ham qiynalib qolib, uyiga qaytgach, bu muddatda pulni qaytarib bera oladimi?

— Bu muddatni loyiha bilan ishlaydigan Tashqi ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi va Majburiy ijro byurosi kabi tashkilotlar ham bevosita ko‘rib chiqishdi. Shuningdek, bu borada xorijiy tajriba ham o‘rganilib, eng maqbul bo‘lgan 30 kunlik muddat belgilandi.

To‘g‘ri, buni kam deb hisoblash ham mumkin, lekin bunga shunday qarash kerakki, chet elda qiynalib qolgan odamga birinchi navbatda vataniga qaytib kelishiga yordam berilishi kerak. O‘zbekistonga qaytganidan keyin pulni qaytarishga imkoniyat baribir ko‘proq bo‘ladi.

Balki keyinroq bu muddatga o‘zgartirishlar kiritish borasida takliflar ham berishimiz mumkin, avvalo ishlashini ko‘rishimiz kerak.

Yana bir holat, xorijda qiynalib qolib qarz olgan O‘zbekiston fuqarolari olingan qarzni O‘zbekistonga qaytmasdan ham qaytarishi mumkin. Asosiysi, 30 kunlik muddatda qaytarish. Masalan, talabalarda bunday holat ko‘proq kuzatilishi mumkin. Elchixonaga qarzni qaytarishda fuqarolarga hisobraqam beriladi, ular o‘sha hisobraqamga qarzni o‘tkazib beradi.

Fuqarolar O‘zbekistonga qaytgach, qarzlarning o‘z vaqtida qaytarilishini Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi nazorat qiladi. Qarzlarni o‘z vaqtida qaytarmagan fuqarolarga qonunchilikka muvofiq choralar ko‘riladi, ya'ni olingan qarzni qaytarmaslikning huquqiy oqibatlari albatta mavjud.

Qanday choralar ko‘rish masalasi MIBning qo‘lida, balki bu fuqaro qarzni to‘lamagunga qadar chet elga chiqishini taqiqlab qo‘yish bo‘lishi ham mumkin.

Shu o‘rinda fuqarolarimizdan chet elga chiqishdan avval ishlaydigan joyini aniqlashtirib olish, ularni olib ketayotgan agentliklarning ishonchliligini tekshirish hamda o‘zlari borayotgan davlatning migrantlarga doir qonun-qoidalarini o‘rganib olishlarni iltimos qilamiz. Bu ularning kelajakda turli yomon holatlarga tushib qolishlarining oldini oladi.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Otaxon Yusupov.

Mavzuga doir:

Top