13:55 / 30.04.2021
8834
Dam olish kunlari kutilayotgan ob-havo ma'lum qilindi

Aprel oyining so‘nggi kunlarida bahor fasliga xos bo‘lmagan issiq ob-havo kuzatildi. Buning sababi, Eron hududlaridan iliq va quruq havo kirib kelishidir, deb xabar bermoqda “O‘zgidromet”. 

26-29 aprelda harorat me'yordan 8-10 darajaga ko‘p bo‘ldi. Kunduz kunlari harorat 34-36 daraja issiq, janubda va cho‘l hududlarida 37-39 daraja issiqqa yetdi, bu aprel oyi oxiri uchun bo‘lgan rekord qiymatlarga yaqinlashdi, ayrim tumanlarda esa ushbu kunlar uchun haroratning yangi rekordi o‘rnatildi.

Bugun, aprel oyining oxirgi kuni respublika hududlari bo‘yicha Kaspiy dengizidan salqin va biroz nam havo kirib kelishi boshlandi. Osmonda bulutlar paydo bo‘ldi, kunning birinchi yarmida Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarining ayrim tumanlarida, kechga tomon esa Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida ba'zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat 25-28 daraja issiq atrofida bo‘ladi.

Ertaga respublikaning eng sharqiy tumanlarida biroz beqarorlik saqlanib turadi. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida va tog‘li tumanlarda kechasi va ertalab ba'zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Harorat ushbu darajada saqlanib turadi.

Bugun va ertaga ba'zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Yakshanba kuni O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha kam bulutli va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati 29-32 daraja issiqqacha, janubda 34-37 daraja issiqqacha ko‘tariladi.

Top