00:25 / 30.04.2021
9446
Eron 2023 yil sentyabrgacha Xalqaro dzyudo federatsiyasida a'zolikdan mahrum etildi
Foto: Sportface

Eron dzyudo federatsiyasi 2023 yil sentyabrgacha Xalqaro dzyudo federatsiyasida (IJF) a'zolikdan mahrum etildi. Bu haqda IJF matbuot xizmati ma'lum qildi.  

Eron dzyudo federatsiyasi 2019 yil oktyabrda Yaponiyada o‘tgan jahon chempionatida eronlik dzyudochi bilan yuz bergan mojaro sababli IJF yoki unga kiruvchi milliy federatsiyalar boshchiligida o‘tadigan barcha musobaqalardan chetlatilgandi. O‘sha jahon chempionatida Eron rasmiy idoralari 81 kggacha vazn toifasida ishtirok etgan eronlik dzyudochi Said Mullaiydan isroillik Sagi Muki bilan uchrashishi mumkinligi sababli musobaqalardan voz kechishni talab qilgan. Sportchi ushbu shartga ko‘nishi uchun unga va oila a'zolariga tahdidlar qilingan. Biroq Mullaiy talabni bajarishdan bosh tortgan va musobaqadan keyin vataniga qaytishga qo‘rqayotganini aytgan.

Said Mullaiy
Foto: DPA

IJF ushbu holat yuzasidan Eron dzyudo federatsiyasiga ikkinchi marta sanksiya qo‘lladi.

«Eron dzyudo federatsiyasi IJF nizomi va olimpiyachilikning asosiy tamoyillarini bir necha marta jiddiy buzgani va bu qoidabuzarliklar Sport hakamlik sudi komissiyasi tomonidan tan olinganini e'tiborga olib, uning Xalqaro dzyudo federatsiyasida a'zolik maqomi vaqtincha ortga qaytarib olinishi kerak», deb ma'lum qilingan IJF saytida.

Eron IJF’dan 2023 yil 17 sentyabrgacha chetlatildi.

Top