12:11 / 30.04.2021
4485

Imom-xatiblar tashabbusi bilan 16 ming ehtiyojmand oilaga 4 milliard so‘mlik xayriya qilindi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati imom-xatiblar tomonidan xayr-u saxovatga targ‘ib natijasida ehtiyojmand oilalarga xayriya tadbirlari olib borilayotganini ma'lum qildi.

Ramazon oyining o‘tgan ikki haftasi davomida imom-xatiblar tashabbusi bilan 16 ming ehtiyojmand oilaga 4 milliard so‘mlik xayriya qilingan.

«Ramazon – toat-ibodat oyi bo‘lishi bilan birga saxovat oyi hamdir. Bu paytda mo‘min-musulmon xalqimiz xayriya ishlariga yanada ko‘proq e'tibor beradi. Imom domlalar ham bu oyda saxovatpesha insonlarni ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatishga targ‘ib qiladi, hojatbarorlarga beriladigan ajr-u mukofotlar xushxabarini ulashadi.

Ramazon oyida ikki hafta davomida respublikamiz bo‘yicha 16 mingdan ko‘proq oilaga 4 milliard uch yuz milliondan ortiq moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, ikki milliard yetti yuz milliondan oshiq oziq-ovqat mahsulotlari, uch yuz millionga yaqin uy-ro‘zg‘or buyumlari, bir milliarddan ortiq kiyim-kechak kabi boshqa turdagi mahsulotlar, uch yuz millionga yaqin naqd pul berildi.

Qur'oni karimda marhamat qilinadi: «Ehsonning mukofoti faqatgina ehsondir» (Ar-Rohman surasi, 60-oyat). Ya'ni yaxshilikning mukofoti faqatgina yaxshilikdir. Oyati karimadagi birinchi yaxshilikni bandalar qiladi. Uning ichiga barcha ezgu ishlar kiradi. Ikkinchi yaxshilik esa Alloh taolo yaxshilik qiluvchilarga beradigan jannatdir.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Eng afzal sadaqa Ramazonda qilingan sadaqadir». Imom Ahmad va «Sunan» sohiblarining ba'zilaridan qilingan rivoyatda: «Kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, u uchun u (ro‘zador)ning ajridan hech narsa kamaymagan holatda bo‘ladi (yoziladi)», deganlar.

Muqaddas oyning dastlabki haftasida, imom-xatiblar tashabbusi bilan qariyb 2 milliard so‘m xayriya qilingan edi», deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma'lumotida.

Mavzuga oid
Top