11:56 / 30.04.2021
4422
Ispaniya: «Taxtlar o‘yini» filmining oltinchi mavsumi olingan sahnalar bo‘ylab sayohat (foto)

«Taxtlar o‘yini» filmi haqida eshitmagan kishi bo‘lmasa kerak. Filmning oltinchi mavsumidagi bir qancha sahnalari Ispaniyaning biz yashab turgan Jirona shahrida tasvirga olingan.

Bugun Jironaning oltinchi mavsum sahnalari tasvirga tushirilgan qismlari bo‘ylab sayohat qilamiz.

1. Buyuk Beylor septasi – Jirona sobori.

Filmdagi Buyuk Beylor septasi (ibodatxona) – real hayotda esa Jirona sobori uyimizdan atigi 1,4 km uzoqlikda joylashgan. Jirona sobori qurilishi 11-asrda boshlangan va 18-asrda to‘liq yakunlangan.

Mazkur sobor dunyodagi gotika uslubida qurilgan eng keng nefga (to‘rtburchak shakldagi ichki xona) ega – eni 22 metr. Sobor eski shahar markazida joylashgani sababli uning atrofida ham turli qadimiy inshootlarni ko‘rish mumkin.

Jirona sobori, old tomondan ko‘rinishi

«Taxtlar o‘yini»ning 6-mavsumida qirolicha Margerining badnomlik yurishining oldini olish uchun Jyeymi Tirell askarlari bilan yetib keladi. Shu sahnada soborning old tomoni Buyuk Beylor septasi sifatida tasvirga olingan.

Badnomlik yurishining oldini olish uchun Tirell askarlari bilan Buyuk Beylor septasiga yetib kelgan Jyeymi, «Taxtlar o‘yini», oltinchi mavsum. Filmda soborning old tomoni kompyuter grafikasi yordamida o‘zgartirilgan.

Yuqorida tilga olingan sahna suratga olingan joy – Jirona sobori ko‘rinishi
Jirona sobori, yon tomondagi kirish eshigi
Soborning orqa tarafdan ko‘rinishi
Sobor hovlisi va uning atrofidagi binolar

2. Braavos ko‘chalari – Bisbe Xose Kartana ko‘chasi.

Oltinchi mavsumning birinchi epizodida Arya Starkning tilanchilik qilib, Braavos ko‘chalarida daydib yurganini ko‘rish mumkin. Shu sahnalarning biri sobor yaqinidagi Bisbe Xose Kartana ko‘chasida olingan.

Arya Stark tilanchilik qilmoqda, «Taxtlar o‘yini», oltinchi mavsum, birinchi epizod
Yuqorida tilga olingan sahna suratga olingan joy – Bisbe Xose Kartana ko‘chasi
Yuqorida tilga olingan sahna suratga olingan joy – Bisbe Xose Kartana ko‘chasi
Braavos ko‘chalarida tilanchilik qilayotgan Arya, boshqa bir sahna, «Taxtlar o‘yini», oltinchi mavsum, birinchi epizod

3. Braavosdagi bozorlar.

Oltinchi mavsumda ko‘zga tashlanadigan bozorlar ham Jironaning eski shahar qismidagi ko‘chalarda olingan.

Braavos porti bozori, «Taxtlar o‘yini», oltinchi mavsum
Yuqorida tilga olingan sahna suratga olingan joy – arab hammomlari qarshisidagi ko‘cha
Braavosdagi boshqa bir bozor, Arya dushmanlardan qochayotgan sahna, «Taxtlar o‘yini», oltinchi mavsum
Yuqorida tilga olingan sahna suratga olingan joy – Avliyo Marti Sakosta cherkovi zinalari

4. Arab hammomlari

Jironaning eski shahar qismida 12-asrda qurilgan arab hammomlari nomi bilan mashhur hammomlar mavjud. Garchi bu hammomlarni arablar qurmagan bo‘lsa-da, ular arab hammomlariga taqlid qilgan holda qurilgani uchun shu nom bilan ataladi.

Arab hammomlari, Arya dushmanlardan berkinmoqda, «Taxtlar o‘yini», oltinchi mavsum
Arab hammomlari joylashgan binoga kirish eshigi, hammomlar yopiq bo‘lgani sababli ichkariga kirib bo‘lmadi

Maqsud Salomov,
Uzbek.Lifening Ispaniyadagi kolumnisti

Top