18:51 / 30.04.2021
49689

«Nurmurodovning o‘ziga ishonaman, tizimiga ishonmayman» – Prezident bank tizimidagi korrupsiya haqida gapirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida korrupsiya holatlari bartaraf qilinmayotganiga alohida to‘xtaldi.

«Juda katta qarorlar qabul qilyapmiz, maqsadimiz odamlarni ish bilan ta’minlash, turmushini yaxshilash. Barchasini mutasaddilarga batafsil tushuntiryapmiz. Tushuntirishlarga qaramay korrupsiya holatlari ko‘p uchrayapti.

Shuni bilinglarki, baribir tagiga yetib boramiz. Korrupsiyani ildizi bilan yo‘q qilmasak, baribir maqsadga erishmaymiz.

Chunki tariximizda buncha ko‘p mablag‘ ajratilmagan. Og‘ir sharoitga qaramay, buni bajaryapmiz. Rahbarlarga hamma sharoit yaratilgan, tizimlar bo‘yicha farmon-qaror va hatto qonunlar qabul qildik. Endi ular natija ko‘rsatmasa, xiyonat hisoblanadi», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma’lum qilinishicha, «Sanoatqurilishbank» tizimidagi korrupsiya holati tufayli bir necha million yevro talon-toroj qilingani aniqlangan.

«Bizning banklarimizni ham chet eldan kelib sotib olish istagida bo‘lganlar juda ko‘p, lekin men bunga yo‘l qo‘ymay turibman. Soliqlar, ish o‘rinlari o‘zimizda qolsin, o‘zimiz ishlashni o‘rganaylik deyapman.

Lekin banklar tizimida korrupsiya yo‘qolmayapti. Men [Markaziy bank raisi] Mamarizo Nurmurodovning o‘ziga ishonaman, lekin tizimiga ishonmayman. Haligacha qing‘irliklar bor. Birgina «Sanoatqurilishbank» tizimida bo‘lgan korrupsiya holati bo‘yicha hozir ketayotgan sud ishi bir necha million yevro mablag‘ talon-toroj qilinganini ko‘rsatyapti.

Bank xodimlarining maoshini necha barobar oshirdik, lekin kutilgan natija bo‘lmayapti», degan davlat rahbari.

Top