11:47 / 30.04.2021
295
Oliy sud raisi o‘rinbosari rahbarligida o‘tgan ommaviy qabulning ilk kunida 130 dan ortiq murojaat kelib tushdi
Foto: KUN.UZ

Respublika ishchi guruhi tomonidan 28 aprel kuni Chust, Pop, To‘raqo‘rg‘on tumanlaridagi fuqarolar uchun Chust tumanining Bibiona oromgohida sud-huquq masalalari bo‘yicha ommaviy qabul o‘tkazildi. 

Qabulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari Robaxon Mahmudova rahbarligidagi Oliy sud sudyalari va viloyat, tuman (shahar) sudi raislari hamda sudyalari ishtirok etishdi.

O‘tkazilgan qabullar davomida fuqarolardan 45 ta fuqarolik, 89 ta jinoyat, 2 ta iqtisodiy va 17 ommaviy huquqiy munosabatlarga oid jami 138 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 28 ta murojaat ijobiy hal qilindi, 34 ta murojaat bo‘yicha fuqarolardan apellyatsiya va kassatsiya bo‘yicha ariza va shikoyatlari ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.  76 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi. 

Ommaviy qabul doirasida tuman sudlari tomonidan sayyor sud majlislari o‘tkazildi. Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudi raisi Dilmurod Madaminov tomonidan 6-sonli JIEMda o‘tkazilgan sayyor sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan 3 nafar mahkum jazoning o‘talmagan qismidan shartli ravishda ozod qilindi, ushbu kodeksning 74-moddasiga ko‘ra 5 nafar mahkumning jazolari yengilrog‘i bilan almashtirilib jazoni ijro etish muassasasidan ozod etildi. Bundan tashqari, 17 nafar mahkum sud tomonidan tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini manzil-koloniyalarda o‘tashi belgilandi.

Bundan tashqari, Pop tuman madaniyat markazida o‘tkazilgan sayyor sudda 6 nafar, To‘raqo‘rg‘on tuman sudida o‘tkazilgan sud majlisida 5 nafar jazoni o‘tayotgan shaxslar jazodan muddatidan oldin ozod qilindi.  

Tuman sudlari tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha o‘tkazilgan sayyor sudlarda esa 4 sudlanuvchilarga qonun sanksiyasida belgilangan jazodan ham yengil jazo tayinlash masalasida murojaatlari qanoatlantirib, ularga nisbatan yengil jazo tayinlangan. 

Sayyor qabul jarayonlari viloyat bo‘ylab davom etmoqda.

Top