12:16 / 30.04.2021
7944
Oshib borayotgan oziq-ovqat narxlari. Yil oxirigacha nimalar kutilmoqda?

2021 yil I choragida jahon bozorida yog‘ mahsulotlari narxi yil boshiga nisbatan 21,4 foizga, shakar 10,4 foizga qimmatlashdi. Go‘sht mahsulotlari o‘sishi 4,3 foizni tashkil etdi.

So‘nggi oylarda jahon bozorida oziq-ovqat narxlari tobora ko‘tarilib bormoqda. Bu esa import mahsulotlariga yuqori darajada bog‘liq bo‘lgan mamlakatlarda ichki narxlar barqarorligiga sezilarli ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Markaziy bank e'lon qilgan «2021 yilning I choragi uchun pul-kredit siyosati sharhi»da O‘zbekiston ham go‘sht, yog‘, don, kartoshka va shakar mahsulotlarini import qiladigan davlatlar sirasiga kirishi va jahon bozorida ushbu tovarlar narxlarining o‘zgarishiga yuqori sezuvchan hisoblanishi keltiriladi.

Yog‘ mahsulotlari o‘sishi

Jahon bozorida yog‘ mahsulotlari narxi joriy yilning I choragida yil boshiga nisbatan 21,4 foizga qimmatlashdi.

AQShning Qishloq xo‘jaligi departamenti (USDA) prognozlariga ko‘ra, 2021 yilda kungaboqar urug‘ini yetishtirish 9,3 foizga, zaxiralari esa 38,6 foizga, mos ravishda, kungaboqar yog‘ini ishlab chiqarish 43,1 foizga va zaxiralari 9,9 foizga kamroq bo‘lishi kutilmoqda.

O‘simlik yog‘laridan palma va rapsa yog‘larining sezilarli qimmatlashi o‘tgan mavsumda hosilning kam bo‘lgani, shuningdek, asosiy eksportyor davlatlarda zaxiralar kamayib borayotgani (palma yog‘ining 10 foizga va rapsa yog‘ining 26 foizga kamayishi) bilan izohlanadi.

Shuningdek, biodizel sektori tomonidan soyaga faol talab mavjudligi sharoitida jahon bozorida soya narxiga qo‘shimcha oshiruvchi bosimni vujudga keltirmoqda.

Kungaboqar yog‘ining qimmatlashib borishiga 2021 yil uchun ishlab chiqarish hajmlarining pasayishi bo‘yicha prognozlar (o‘tgan yilga nisbatan 10,6 foiz), shuningdek, Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Ukraina va Rossiya tomonidan eksportning kamayib borishi asosiy sabablardan hisoblanadi.

Go‘sht mahsulotlari

Jahon bozorida go‘sht mahsulotlari narxlari mart oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,5 foizga pasaydi. Biroq so‘nggi 6 oy davomida ushbu mahsulot narxlarida o‘sish kuzatilmoqda.

2021 yilning I choragida go‘sht mahsulotlari o‘sishi 4,3 foizni tashkil etdi. Joriy yilning I chorak yakunlari bo‘yicha mol go‘shti narxlari asosiy savdo hamkorlarimiz Rossiyada 2,9 foizga, Qozog‘istonda 1,2 foizga, Qirg‘izistonda 5,1 foizga o‘sdi.

AQShning Qishloq xo‘jaligi departamenti (USDA) ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda jami go‘sht ishlab chiqarish 2020 yilda 2019 yilga nisbatan 2 foizga kamaydi va 257,9 mln tonnani tashkil etdi.

2021 yilda dunyo miqyosida go‘sht ishlab chiqarish hajmining 2,8 foizga o‘sishi, jumladan, mol go‘shti 1,6 foizga (0,97 mln tonna) va tovuq go‘shti 1,5 foizga (1,47 mln tonna) oshishi prognoz qilinmoqda.

Biroq go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining o‘sishi talabning ortib borishiga nisbatan sekinroq sur'atlarda shakllanmoqda. Shuningdek, ozuqa mahsulotlari narxlarining qimmatlashib borishi jahon bozorida go‘sht narxining yuqori darajada saqlanib qolishining asosiy omillaridan hisoblanadi.

Bug‘doy

Joriy yil yanvar–fevral oylarida bug‘doy narxlari dastlab o‘suvchi, mart oyiga kelib esa pasayuvchi tendensiyani namoyon qildi. Bunda o‘tgan 3 oyda narxlar 8,5 foizga qimmatlashdi.

AQSh va Qora dengizbo‘yi davlatlarida kuzgi bug‘doy hosili bilan bog‘liq xavotirlar, shuningdek, Rossiyaning proteksionistik siyosati hamda bir qator yirik bozorlarning importga bo‘lgan kuchli talabi fonida bug‘doy zaxiralarining kamayish ehtimoli ortib bormoqda. Xalqaro tahlilchilarning aprel oyi prognozlariga ko‘ra, 2021 yilda dunyo bo‘yicha jami bug‘doy hosili o‘tgan yilga nisbatan 1,7 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlarda, jumladan, Osiyo mintaqasida aholi soni va daromadlarining ortishi dunyo bozorida iste'mol tovarlari uchun yuqori talabni vujudga keltiradi. Bunda bug‘doy zaxiralarning 1,5 foizga kamayishi kutilmoqda. Shunga qaramasdan, 2021 yil uchun dunyoda bug‘doy hosili bo‘yicha ijobiy kutilmalarning mavjudligi bois ushbu mahsulotning narxi barqaror shakllanishi prognoz qilinmoqda. Yil so‘ngiga qadar 1 tonna bug‘doyning o‘rtacha narxi 290 dollardan 250 dollargacha pasayishi mumkin.

Shakar

O‘tgan yanvar–mart oylarida jahon bozorida shakar narxi 10,4 foizga qimmatlashdi.

Narxlarning sezilarli o‘sishini jahon bozorida neft narxining oshib borishi sharoitida alternativ yoqilg‘i hisoblangan bioyoqilg‘iga talabning sezilarli oshgani bilan izohlash mumkin.

Bunda bioyoqilg‘ini ishlab chiqarishda shakarqamishdan olinadigan etanol mahsulotidan foydalanilgani bois jahonda ushbu tovar narxlariga qo‘shimcha bosim vujudga kelmoqda.

Shuningdek, Hindistonda transport konteynerlari yetishmasligi muammosi shakar eksportiga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, ushbu holat 2021 yilning I yarmiga qadar davom etishi mumkin.

AQShning Qishloq xo‘jaligi departamenti hisob-kitoblariga ko‘ra, asosiy ishlab chiqaruvchi mamlakatlarda 2020–2021 yilgi mavsumda shakar ishlab chiqarish sezilarli darajada (16 mln tonnaga) oshadi.

Xususan, Braziliyada hosil 12,1 mln tonnaga ko‘payishi kutilmoqda. Hindistonda esa 2020–2021 yilgi mavsumda shakar ishlab chiqarish 17 foizga o‘sib, yillik 33,8 mln tonnaga yetadi.

2021 yil uchun jahon miqyosida shakar ishlab chiqarish va eksport qilish hajmining ijobiy prognozlari uning tashqi bozorlardagi narxlari barqarorlashishiga xizmat qiladi.

Top