18:33 / 30.04.2021
8472
Prezident hududlar rahbarlarini mahalliy sanoat salohiyatidan foydalanish haqida o‘ylamayotgani uchun tanqid qildi

So‘nggi 3 yilda qurilish materiallari ishlab chiqarish 1,5 baravarga oshdi, lekin bu hali ichki ehtiyojni qoplamayapti. 2020 yilda metall va yog‘ochdan tashqari 1 milliard dollarlik qurilish materiallari import qilingan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha videoselektorda ma'lum qildi.

Prezident yig‘ilishda hududlar rahbarlarini mahalliy sanoat salohiyatidan foydalanmayotgani uchun tanqid qildi.

«Ichki talabni o‘rganish, importni tahlil qilish har bir rahbarning vazifasi. Bu avvalambor qurilish materiallari, mebel, uy-joy va maishiy xo‘jalik mollari, to‘qimachilik, ipakchilik, farmatsevtika, elektrotexnika, charm-poyabzal, zargarlik, chinni buyumlari, oziq-ovqat va meva-sabzavotni qayta ishlash kabi sanoat tarmoqlariga tegishli.

Misol uchun, so‘nggi 3 yilda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 1,5 baravarga oshdi. Lekin, bu hali ichki ehtiyojni to‘liq qoplayotgani yo‘q.

Tsementga bo‘lgan ehtiyoj – 86 foiz, qurilish oynasi – 69 foiz, keramik buyumlar – 40 foiz, gulqog‘oz – 30 foiz, lak-bo‘yoq – 65 foizga ta'minlanmoqda.

Umuman, o‘tgan yili qariyb 1 milliard dollarlik (metall va yog‘ochdan tashqari) qurilish materiallari import qilingan.

Lekin, bugungi kungacha birorta tuman, shahar yoki viloyat rahbari mahalliy sanoat salohiyati va undan foydalanishni chuqur va puxta o‘ylab ko‘rgani yo‘q.

Hududga nima chetdan olib kelinyapti, nimani o‘zida ishlab chiqarish mumkin, buning uchun nima qilish kerak, degan savollar hokimlarni har kuni qiynashi kerak. Mahalliy sanoatni haqiqatda rivojlantirish uchun, har bir hududda ishlab chiqarishni kamida 3-4 baravarga oshirish zarur.

Shu bois, mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha mutlaqo yangi «vertikal» tizim joriy etiladi», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilishda respublikadagi mavjud pardozbop toshlar zaxirasining 30 foizidan ham foydalanilmayotgani tanqid qilindi.

«Har bir viloyat, tuman hokimining mavjud zaxiralarni ishga solish bo‘yicha aniq rejalari bo‘lishi kerak. G‘ozg‘ondagi qurilish materiallari klasteri tajribasi barcha hududda joriy etilsa, albatta mahalliy sanoat keskin rivojlanadi.

Misol uchun, bugungi kunda respublikadagi mavjud pardozbop toshlar zaxirasining 30 foizidan ham foydalanilmayapti. Bu ko‘rsatkich Buxoroda – 11 foiz, Qashqadaryoda – 13 foiz, Toshkent viloyatida – 15 foiz. Jumladan, Boysun tumanida 7 turdagi foydali qazilmalarni (ohaktosh, bazalt, dolomit, kvars qumi, pardozbop toshlar) qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish mumkin.

Yoki, Peshku tumanida 24 million kubmetr tabiiy qoplama toshlar, 1,3 million tonna grafit, 450 ming tonna mineral bo‘yoqlar uchun xomashyo zaxiralarini ishga solish rejalashtirilgan», dedi davlat rahbari.

Top