17:25 / 30.04.2021
40448
“Sen o‘zbekistonlikmassan...” – rossiyalik vloger Qarshi shahri yaqinidagi chiqindi poligonini yolg‘iz tozalamoqchi bo‘ldi
Videobloger Konstantin Tkachyov

Rossiyalik taniqli videobloger Konstantin Tkachyov turli mamlakatlarga sayohat qilib, mahalliy muammolarni yoritadi. Uning obektivi O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi. Vlogerning bir necha kun oldin e'lon qilgan vlogi ham O‘zbekiston haqida.

U Qarshi shahri tashqarisida chiqindi poligoni borligi va hech kim bu haqida gapirmasligi, mahalliy aholiga yetkazayotgan zarari haqida fikr bildirdi. Uni eng hayratga solgan jihat mahalliy aholining ushbu muammoga e'tiborsizligidir.

“Samarqand va Buxoro shahri o‘rtasida Qarshi shahri joylashgan. Shahar tashqarisida, ya'ni Samarqand-Qarshi aylanma avtotrassasi (A-378)da esa chiqindi poligoni. Oddiy chiqindi poligoni-da, deyishga shoshilmang. Kuchli shamol bo‘lganda, ushbu hududdan maishiy chiqindi, jumladan, sellofan paketlari butun cho‘l bo‘ylab uchib ketadi. Bu holat zamonaviy rassomning qo‘rqinchli kartinasini eslatadi.

Cho‘lning o‘rtasida, har tomonimda sellofan paketlarni ko‘rib, dahshatga tushdim. Mahalliy aholi bu joy haqida umuman bilmaydi. Bilganlar esa bu ma'lumotni aytishni xohlamaydi. Balki qo‘rqishar, balki bu oddiy chiqindi poligoni hech qanday ahamiyatga ega emas, deb ko‘nikishgandir.

Qarshi shahridan 5 km uzoqlikda haqiqiy urush boshlangan, tabiat zararlanyapti. U yerga borganimda, shunchaki muammoga ko‘z yumib ketish kerak, deb o‘ylamadim. Hududdagi barcha sellofan paketlarni yig‘ishtirishni maqsad qildim. Maydon naqadar kengligini ko‘rib, o‘z kuchimga ortiqcha ishonib yuborganimni angladim.

Ma'lumot uchun: sellofan paket qachondir bo‘lsayam, dunyo okeaniga yetib boradi, chunki shamol uni uchirib olib boradi. Tsellofan ultrabinafsha nurdan ta'sirlanadi, plastikka qaraganda tezroq parchalanadi va ichimlik suviga ham qo‘shiladi va yana o‘zimizga qaytib keladi. Shunday qilib, kun bo‘yi 4 ta katta sellofan qopga mayda sellofan paketlarni yig‘dim.

O‘zim tozalagan maydonni xaritadan ko‘rib, bir va undan ortiq kishi butun maydonni tozalashi uchun qancha vaqt ketishini hisobladim. 1 kishi 110 kunda, 10 kishi 11 kunda, 50 kishi 2 kunda tozalab bo‘lar ekan. Cho‘ldagi chiqindilarning umumiy hajmi 35 kub metr bo‘lib, Italiyadagi Piza minorasi hajmi (38 m3)ga deyarli yaqinlashib qolarkan. Ertalab kelib qarasam, tozalagan joyim yana avvalgi holatiga qaytibdi, chunki shamol chiqindi poligonidan yana boshqa sellofanlarni uchirgan. Bir kishi hammasini qilishi imkonsiz, albatta. Shu holatdan keyin tanishlarim bilan bog‘landim: ba'zilari yordam beramiz, degan bo‘lsa, ayrimlari nima ishing bor, sen o‘zbekistonlikmassan, deyishdi. Xullas, hech kimni yig‘olmadim.

Toshkentga qaytib ketdim. Oybek (tur kompaniya rahbari) va Shomil (ingliz tili o‘qituvchisi) ismli yigitlarni uchratmaganimda, ushbu vlogimni chiqarmagan bo‘lardim. Oybek chiqindi poligoni haqida bilishi va muammo uni ham o‘ylantirayotganini aytdi. Biz hammamiz yig‘ilib, yana boshqa tanishlarni yordamga chaqirdik. 14 kishi bo‘lib kun davomida ancha katta maydonni tozaladik. Ammo bu dengizdan tomchi ekan, xolos. Tsellofan shunchalik katta maydonga tarqalganki, buni tasavvur qilish qiyin. Biz umumiy maydonning chorak qismini tozalay oldik”, deya kuyinib gapiradi vloger.

Shomil ismli yigit nima uchun bu ishga bosh qo‘shganini gapirib berdi.

“Ushbu harakat haqida eshitgach, yordam berishga rozi bo‘ldim. Chunki bu mening vatanim va uning bunday holatiga e'tiborsizlik bilan qarashni istamayman. Biz odamlardan bu ishga bosh qo‘shishlarini so‘radik. Ammo ko‘pchilik qiziqish bildirmadi. O‘zbekistonga kelgan mehmonlar mamlakat qanchalik tozaligiga e'tibor berishadi. O‘ylaymanki, tashabbusimiz mahalliy aholini o‘z yurtini toza saqlashiga undaydi. O‘sha joyni tozalab bo‘lganimizda, yengillik his qildim. Nafaqat cho‘l toza bo‘ldi, balki qalb va ongimiz ham poklanganini sezdim ”, dedi Shomil.

Vlogerning aytishicha, cho‘lning tozalangan hududida tezda hayot alomatlari sezilgan. Toshbaqa, echkiemar va yana boshqa cho‘l hayvonlari in qura boshlagan. U bu ishidan faxrlanganini ham ta'kidladi.

“Barcha chiqindilarni tozalash imkoni bo‘lmadimi, degan savol berishingiz mumkin. Biz guruhimiz bilan imkon darajasida maydonni tozaladik. Aslini olganda, bunday vaziyat hamma joyda bor va normal qabul qilinadi. Lekin befarq bo‘lish normal holat emas. Ushbu vlogda mahalliy aholi yoki hukumatni ayblash niyatim yo‘q. Shunchaki, inson sifatida bu muammoga befarq bo‘lmaslikni so‘ragan bo‘lardim”, deya vlogini yakunlaydi Tkachyov.

Top