13:38 / 30.04.2021
28279

Shavkat Mirziyoyev Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari bilan qo‘ng‘iroqlashdi

Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 aprel kuni Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqotda davlat rahbarlari Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasidagi vaziyatning rivojlanishini muhokama qildi.

O‘zbekiston prezidenti yuzaga kelgan vaziyatni tez fursatda hal qilish va uning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha Tojikiston va Qirg‘iziston tomonlari erishgan kelishuvlarni qo‘llab-quvvatladi.

Mavjud barcha masalalar do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlari ruhida, faqat muzokaralar va maslahatlashuvlar yo‘li bilan hal qilinish muhim ekani ta'kidlandi.

Tojikistonga bo‘lajak oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlikning borishi ham ko‘rib chiqildi. Mamlakatlar bosh vazirlari o‘tgan hafta Xo‘jand shahrida o‘tkazgan amaliy uchrashuvning samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan keng ko‘lamli hamkorlikning yangi “o‘sish nuqtalari”ni birgalikda aniqlash muhimligi alohida ta'kidlandi.

Shuningdek, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqotda mintaqaviy hamkorlik va ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Prezidentlar Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida yuzaga kelgan vaziyatni va uni tez fursatda hal qilishni muhokama qildi. Qirg‘iziston va Tojikiston tomonlari vaziyatni barqarorlashtirish va uning yanada keskinlashishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan kelishuvlarga erishgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yuzaga kelayotgan barcha bahsli masalalar ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklik ruhidagi muloqot asosida hal qilinishi zarur ekani ta'kidlandi.

Davlat rahbarlari joriy yil mart oyida Toshkent shahrida o‘tgan sammit yakunida qabul qilingan qo‘shma qaror va kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida to‘xtaldilar.

Qabul qilingan majburiyatlarni so‘zsiz bajarish va ustuvor loyihalarni ilgari surish maqsadida faol almashinuvlarni davom ettirish va hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Bundan oldin, Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegaradagi mojaroda 13 fuqarosi halok bo‘lganini ma'lum qilgani xabar berilgandi

Mavzu
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida otishma ro‘y berdi. Tomonlar nizoda yana bir-birlarini ayblashmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top