14:00 / 30.04.2021
23836

Epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori qat'iy belgilandi

"O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida"gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishga muvofiq, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzganlik uchun jarima miqdori qat'iy belgilandi.

Bunda fuqarolar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari (ilgari 20 baravaridan 30 baravarigacha), mansabdor shaxslarga esa – 30 baravari (ilgari 30 baravaridan 50 baravarigacha) miqdorida jarima nazarda tutilgan.

Transportda to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari (490 ming so‘m) etib belgilandi. Avval bu miqdor bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari (735 ming so‘m)ni tashkil qilar edi.

Shuningdek, takroran sodir etilgan ushbu qoidabuzarlik uchun oshirilgan miqdordagi jarima solish tartibi bekor qilindi. Ya'ni ilgari bir marta jarima qo‘llangandan keyin 1 yil ichida yana takroran sodir etilsa 3 mln 675 ming so‘mgacha jarima solinar edi.

Endi necha marta qoida buzilganidan qat'i nazar bir xil - BHM 2 baravari (490 ming so‘m) miqdorida jarima solinadi.

Havo kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, havo kemalarining aholi manzilgohlari ustidagi parvozi yerdagi odamlarning hayoti hamda sog‘lig‘iga va (yoki) ularning mol-mulkiga xavf solmagan holda belgilangan yo‘nalishlar va uchish balandliklarida amalga oshiriladi.

Top