22:18 / 30.04.2021
9163
Vazir o‘rinbosari maktab o‘qituvchilarining o‘quvchilar haqida uyma-uy yurib ma'lumot yig‘ayotgani holati yuzasidan munosabat bildirdi

Kecha, 29 aprel kuni AOKAda umumta'lim maktablarining AKT bilan ta'minlanganlik holati yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda maktab o‘qituvchilaridan biri ayrim hududlarda o‘qituvchilar maktabga qabul yoshidagi o‘quvchilarning ma'lumotlarini uyma-uy yurib o‘rganishga majbur bo‘layotgani haqidagi savol bilan murojaat qildi.

«Pandemiya sharoitida shu to‘g‘rimi? O‘zi umuman, nega bu jarayon raqamlashtirilmagan? O‘qituvchi o‘zining ishini qilsinmi yo ma'lumot yig‘sinmi?» – dedi savol egasi.

Holat yuzasidan xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov izoh berdi.

«Buning asosiy sabablaridan biri – bizda hozir to‘liq baza yo‘q. Maktab o‘qituvchilarining to‘liq aktual bazasi yo‘q. Bu bo‘yicha 2020 yildan boshlab yagona tizim ishlab chiqyapmiz. Bu borada 9 ta vazirlik bilan birga integratsiya ishlari olib borilyapti.

Bunda to‘g‘ri ma'lumotlar bazasi yig‘ilyapti. Masalan, Adliya vazirligida tug‘ilganlik haqida ma'lumotnoma bo‘ladi. Biz shu orqali ma'lumotlarni yanayam aniqlashtiramiz. Hozirgi kunda ushbu bazaga 2 mln.ga yaqin o‘quvchi ma'lumotlari yuklandi.

Shuningdek, bazaga o‘qituvchilar ma'lumoti ham yuklanyapti. O‘qituvchi va o‘quvchi bir maktabdan ikkinchisiga o‘tsa, biz buni bilamiz. Mana shundan keyin o‘qituvchilar tomonidan qo‘lda qog‘oz yig‘ish holatlari yo‘qoladi», – dedi vazir o‘rinbosari.

Top