17:11 / 01.05.2021
5558

Hujjatlarda ko‘rsatilmagan va boshqa kod bilan belgilangan 5 mlrd so‘mdan ortiq tovarlar aniqlandi - bojxona xabarlari

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Chuqursoy texnik idorasi” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan xorijdan mas'uliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga temir yo‘l konteynerida keltirilgan tovarlar jamiyat vakillari ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, konteynerda hujjatlarda ko‘rsatilmagan, umumiy qiymati 3 mlrd 452 mln so‘mlik 181 ming 848ta qo‘lqop, 160 mingta zararkunandalarga qarshi vosita, 2 ming donadan ortiq elektron tarozi hamda 50 mingdan ortiq boshqa xo‘jalik tovarlari borligi aniqlandi.

Boshqa bir holatda esa, xorijdan keltirilgan yana bir yuk konteyneri ko‘zdan kechirilganda, hujjatlarda ko‘rsatilmagan, qiymati 505 mln so‘mlik 9 turdagi maishiy buyumlar va ehtiyot qismlar tovarlari borligi aniqlandi.

Bundan tashqari, xorijdan Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi jamiyatlardan birining nomiga keltirilgan 259 ming 200 dona “mevali salqin ichimliklar” bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, jamiyat vakillari bojxona yuk deklaratsiyasida tovarlarning netto vaznlarini kam ko‘rsatganligi, ekspertiza xulosasiga asosan tovarlarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi kodini bojxona stavkalari past bo‘lgan tovar kodlari asosida tasniflanganligi aniqlandi.

Shuningdek, mazkur tovarlarning ko‘zdan kechiruvi davomida ishlab chiqaruvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida (lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida) markirovka qilinishi lozim bo‘lsa-da, ularning qadog‘ida o‘zbek tilidagi markirovka mavjud emasligi ma'lum bo‘ldi. 

Qiymati 1 mlrd. 166 mln. so‘mlik mazkur ichimliklar yorliqlanishi bo‘yicha foydalanishga yaroqsiz ekanligi natijasida vaqtincha saqlovga olindi.
  
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top