18:08 / 01.05.2021
14006
Chekka bir qishloqning chekka maktabida… 35 yillik muallim Ismoil Ashurov bilan suhbat

Umrini o‘qituvchilikka bag‘ishlagan Ismoil Ashurov 1964 yil 17 iyunda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi Tarqopchug‘ay qishlog‘ida tug‘ilgan. 7 farzand va 11 nabiraning bobosi, «Shuhrat» medali sohibi bo‘lgan pedagog bilan suhbat uyushtirishga qaror qildik. Qahramonimiz ishlash qiyin bo‘lgan davr, ta'limdagi bugungi islohotlar haqida gapirib, o‘z takliflarini ham bildirib o‘tdi.

«Dastlab traktorchilik kursini tugatganman...»

«1980 yil o‘rta maktabni tugatdim. O‘sha davr mafkurasi shunday ediki, lavozimda ishlaydigan kishilarning farzandlariga sovxozdan yo‘llanma berilmasa, oliy o‘quv yurtiga o‘qishga hujjat topshira olmas edi. Shu tufayli 2 yil institutga o‘qishga bora olmay shu orada traktorchilik kursini tugatdim.

1982-1984 yillar armiyada xizmat qildim, 1985 yil o‘quv ishlab chiqarish kombinatiga (UPK) ishga o‘tib, 1986 yildan boshlab traktorchilik kursi bo‘yicha o‘quvchilarga dars bera boshladim. 1989 yil Termiz davlat universiteti tarix fakulteti sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirib, 1994 yil bitirdim.

1989 yildan hozirga qadar Dehqonobod tumanidagi 6-maktabda tarixdan dars beraman. Ko‘p yillar davomida o‘quvchilarim tarix va huquqshunoslik fanlaridan tuman va viloyat fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli qatnashib, faxrli o‘rinlarni olib kelishdi. Kamtarona mehnatim vatanimiz tomonidan qadrlanib, 2007 yil «Shuhrat» medali bilan taqdirlandim. Bu men uchun katta sharaf.

Tanlagan kasbimdan hech afsuslanmadim. Aksincha, shogirdlarimning yutuqlarini ko‘rganda yoki eshitganda, mana shunday chekka qishloqning bolalari ham shunday natijalarga erishyapti, deb faxrlanganman. Bir voqea hech esimdan chiqmaydi: Toshkentdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarining birida tahsil olgan shogirdimning nikoh to‘yida kursdosh do‘stlaridan biri «Og‘aynimizning shu yerlardan poytaxtni topib borib o‘qiganiga qoyil qoldim. Buning uchun ota-onasiga, ustozlariga, o‘ziga rahmat aytish kerak», degandi. O‘shanda o‘qituvchiligimdan, shu qishloqda yashayotganimdan faxrlanganman», deydi pedagog.

Turli davrlarni ko‘rgan va ko‘p yillik tajribaga ega pedagogsiz. Aytingchi, qaysi davr yoki yillarda ishlash eng qiyin bo‘lgan va nima uchun?

– Sizning gapingizdan keyin mundo-oq orqaga nazar tashladim… ancha yo‘lni bosib o‘tib qo‘yibmiz. To‘g‘risi, sobiq ittifoq va undan keyingi o‘tish davri o‘qituvchilar ishlashi uchun eng qiyin payt bo‘lgan. Qishlog‘imiz tuman markazidan 60-65 km uzoqlikda tog‘li hududda joylashgan. O‘shanda chorvachilikka ixtisoslashganimiz uchun may-iyun oylaridan boshlab yuqori sinf o‘quvchilari bilan birga pichan o‘rishga «jalb qilinardik».

Yangi o‘quv yili endi boshlangan paytlarda, 10 sentyabrdan yuqori sinf o‘quvchilari bilan birga paxta terimiga ketardik. Shu bilan noyabr oxiri, dekabr boshlarida qaytardik. Paxta terimidan qaytgach, o‘quv rejani bajarishimiz uchun qo‘shimcha darslar qo‘yilardi. Paxta mavsumidagi qiyinchiliklarni eslagim ham kelmaydi…

So‘nggi yillarda ta'lim sohasida bo‘lgan islohotlarni his qildingizmi? Sizningcha, ular nimalarda namoyon bo‘lyapti?

– Esingizda bo‘lsa, Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka saylanganidan ko‘p o‘tmay bir guruh akademiklar bilan ilm-fan rivojlanishidagi muammolar haqida ochiq muloqot o‘tkazdi va ularni bartaraf etish yo‘llarini izladi. Bu uchrashuvni qiziqish bilan ko‘rdim, axir ilm-fan uchun qo‘yilgan har bir sarmoya kelajak uchun qo‘yilgan mustahkam poydevordir.

Bugungi kunda tashkil etilayotgan prezident maktablari, har bir viloyatda tashkil etilayotgan ijod maktablari, kimyo-biologiya, fizika-matematika fanlari chuqur o‘zlashtiriladigan ixtisoslashgan maktablarning tashkil etilayotgani qanchadan qancha iqtidorli o‘quvchilarning yuzaga chiqishiga olib kelyapti. Bundan tashqari, ilm-fan, sport, madaniyat, san'at, shaxmat-shashka va boshqa sohalarda qanchadan qancha iqtidor sohiblari yetishib chiqyapti.

Maktablarda yana erkak o‘qituvchilar ko‘paya boshlagani aytilyapti. Bu holat siz ishlayotgan maktabda ham sezildimi?

– Bizda avvaldan erkaklar ko‘p bo‘lgan, chunki qishloqda qiz bolaga nisbatan o‘g‘il bolalar ko‘proq o‘qiydi. Lekin o‘zgarish bor, qizlar ham oliy ma'lumot olishyapti, bu yaxshi. Maktabimizda 406 nafar o‘quvchiga 39 nafar o‘qituvchi dars beradi. Shulardan 3 nafari ayollar.

Qishloq ancha tarqoq joylashgan ekan. Bunday sharoit o‘quvchi va o‘qituvchilarga qiyinchilik tug‘dirmaydimi?

Maktab filiali

– Gapingizda jon bor. Qishlog‘imiz Tarqopchug‘ay daryosi bo‘ylab 8-9 kilometrga cho‘zilgan. Qishloqning maktabdan uzoq joyida yashovchi o‘quvchilar qatnashga qiynaladi, ayniqsa qishda. Shuni hisobga olgan holda Pastki ovul deb ataladigan qishlog‘imizning boshlanish qismida maktab filiali tashkil etilgan. U yerda asosan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘qiydi. O‘qituvchilar esa taqsimlangan jadval asosida dars o‘tadi.

Maktabimiz salkam 90 yillik tarixga ega. Bu yerni tamomlaganlar butun mamlakatda ishlab kelmoqda. Bitiruvchilar orasidan olimlar ham chiqqan.

– Chekka bir qishloqdagi maktabda faoliyat yuritishning, umuman, yashashning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari ham bo‘lsa kerak...

– Albatta. Tarqopchug‘ay Dehqonobod tumanidagi tog‘li qishloqlardan biri. Ko‘hitang tog‘ining tutash, Hisor tog‘ tizmalarining esa boshlanishida joylashgan bu chekka qishloqqa borish ham qiyin. Qo‘rg‘ontosh qishlog‘idan boshlangan 17-18 kilometrlik o‘ydim-chuqur, sel yuvib ketgan tosh yo‘l odamni charchatadi. Ayniqsa odamlar Tolli deb ataydigan dovon ko‘rinishidagi baland tepalikdan o‘tishda odamni vahima bosadi, chunki tik qiyalik va xavfli burilishlar ko‘p. Shu qishloqda tug‘ilib-o‘sgan bir odam sifatida bu yo‘lning zahmati-yu azobini juda yaxshi bilaman. Qahraton qishning ayozli sovuq, bahorning jala, yomg‘ir yog‘ib turgan paytlarida o‘quvchilarni mototsiklga mindirib fan olimpiadalariga olib borgan, birovning bolasini eson-omon qo‘liga topshiray, deb Yaratganga iltijo qilgan paytlarim bo‘lgan. Afsuski, bu yo‘l hozir ham shunday. Tuman, viloyat rahbarlari yo‘lni sozlashga e'tibor qaratsa, yaxshi bo‘lardi.

Tarqopchug‘ay qishlog‘i yo‘llari

O‘tgan yilgi pandemiya vaqtida internetning ishlamasligi ham juda ko‘p pand berdi. O‘quv yili boshlanganda bildikki, aksariyat o‘quvchilarimizning o‘qiganlari esidan chiqib ketgan. Onlayn dars o‘tishning imkoni yo‘q, qolaversa qishloqchilik, aksariyat ota-onalarga bolasining darsidan ko‘ra uy ishiga qarashgani ma'qul. Shunday sabablar tufayli bilimi pastlashgan o‘quvchilarimni ko‘rib, achindim.

– Bugungi kun o‘quvchilarining bilim olishga, darslarni o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqishi qanday?

– Har bir bolada bilim olishga bo‘lgan qiziqish bo‘ladi. Bu qiziqishni topa bilish va bolani rag‘batlantirib, to‘g‘ri yo‘naltirish ko‘p jihatdan o‘qituvchining mahoratiga bog‘liq. To‘g‘ri, bugun texnika asrida yashayapmiz, o‘quvchilar telefonga chalg‘ib, bilim olishga qiziqmay qo‘ygandek, lekin mana shu vaziyatda ham e'tiborsizlik qilmasdan harakat qilsa, albatta, natija bo‘ladi.

Suhbatimiz o‘z-o‘zidan o‘qituvchilarga kelib taqalyapti. Bugungi kun o‘qituvchisini qanday tasavvur qilasiz?

– Menimcha, o‘qituvchi bo‘lish uchun o‘qituvchi bo‘lib tug‘ilish kerak. O‘rni kelganda o‘qituvchi kuchli psixolog va aktyor, mehribon ona, qattiqqo‘l ota, sirdosh do‘st, hazilkash va samimiy o‘rtoq va albatta, o‘z fanining fidoyisi bo‘lishi kerak. Sizda shunday xislatlar bo‘lsagina o‘quvchilarni ergashtira olasiz.

Kezi kelganda bir gapni aytay. Ba'zi gurunglarda avvallari o‘quvchilar o‘qituvchining ko‘ziga tik qaray olmagani, ular borgan to‘y yoki davrada ko‘zga ko‘rinmaslikka harakat qilishgani haqida gapirib qolishadi. O‘zimda ham xuddi shunday bo‘lgan, ya'ni o‘qituvchi biz uchun eng ulug‘ inson edi. Tan olish kerak, ma'lum bir muddat jamiyatda o‘qituvchining o‘rni, obro‘si tushish holatlari kuzatildi. Oqibatda darslarda sifat, o‘quvchilarda savod pasayib ketdi. Men buni maktabimiz misolida emas, umumiy holatdan kelib chiqib aytyapman. Bu jarayonda ham darsga bo‘lgan jonkuyarlik, izlanuvchanlik va o‘zini tutishi bilan obro‘sini, hurmatini saqlab qolgan hamkasblarimiz ham ko‘p bo‘ldi va ularga buning uchun rahmat. Jamiyatda o‘qituvchi nufuzining yuksalishi ularning o‘z ustida ishlashi, kasbini e'zozlashiga ham bog‘liq.

Maktabning eski binosi

Bugungi kun o‘qituvchisi izlanishdan, o‘qishdan, harakatdan to‘xtamasligi kerak. Ta'bir joiz bo‘lsa, o‘quvchilardan kamiga ikki qadam oldinda yurishi kerak. Izlanish va harakatdan to‘xtagan o‘qituvchi uzoq manzilga ketayotgan avtobusning yo‘l o‘rtasida to‘xtab qolishiga o‘xshaydi. Endi avtobus ichidagi yo‘lovchilarning holatini o‘zingiz tasavvur qilavering.

Agar bugun ta'limdagi bitta muammoni butkul bartaraf qilish imkoniyatingiz bo‘lganida nima qilgan bo‘lardingiz?

– Zamon shiddat bilan rivojlanmoqda. Shuning uchun, ta'limni ham zamonga moslab olib borish talab qilinmoqda. Agar menga ta'limdagi bitta muammoni butkul bartaraf qilish imkoniyati berilsa, attestatsiya masalasini qayta ko‘rib chiqqan bo‘lar edim. Ta'lim tizimida 35 yildan buyon ishlayman. Shunday ustozlarni ko‘rdimki, nazariy jihatdan ancha bilimdon, lekin amaliyotda hech gap yo‘q. Maktabda shunday o‘qituvchilar borki, ularda bilim berish qobiliyati kuchli, o‘quvchilarni o‘z orqasidan ergashtira oladi, o‘quvchilarining o‘zlashtirishi ham yaxshi. Lekin ularda hech toifa yo‘q. Birinchi va oliy toifani olib o‘quvchilarga hech narsa bera olmasa, bu puch yong‘oqni o‘rtaga sochib yuborish bilan barobardir.

Maktabning yangi binosi

Taklifim shundan iboratki, o‘qituvchining haqiqiy bilimini baholash uchun unga toifa emas, daraja (kategoriya) berish kerak. Ya'ni oliygohni tugatib kelgan o‘qituvchini 4-darajada baholash kerak. O‘quvchilarga yaxshi ta'sir o‘tkazadigan o‘z fanining fidoyilarini 10-darajagacha ko‘tarish kerak. Albatta, har bir daraja o‘rtasida oylik maoshida ham farq bo‘lishi lozim. Ta'lim tizimiga adashib kirib qolganlar yoki o‘quvchilarga bilim bera olmaydigan o‘qituvchi darajasini harakatiga qarab pasaytirib borish lozim. Shunda fidoyi o‘qituvchilarning oylik maoshini 1000 dollarga yetkazsa bo‘ladi. Shunda o‘qituvchi o‘quvchilarga nimadir berishga astoydil harakat qiladi va buning natijasi bo‘ladi.

Fidoyi o‘qituvchiga bahoni o‘quvchining o‘zi beradi. Bilasizmi, o‘qituvchi darsga kirib 5-6 soat darsini o‘tgandan keyin o‘quvchilar o‘sha o‘qituvchining haqiqiy «to‘nini bichib», «necha pullik tosh bosishini» aniqlaydi-qo‘yadi. Bu holatni anonim so‘rovnoma o‘tkazish orqali ham bilish mumkin. Talabchan, fidoyi o‘qituvchilarni ota-onalar ham bilishadi. Ular o‘z farzandlarini shunday o‘qituvchilar dars o‘tadigan sinflarga berishni xohlaydi.

Ota-onalar bilan suhbatlashsangiz, «Bolam falon fanlardan ko‘p dars qiladi, lekin faloncha fanlarni ochib ham qaramaydi», deyishadi. Xulosa esa o‘zingizdan. Xullas, hali ta'lim tizimida qilinishi kerak bo‘lgan ish ko‘p.

Bu mening ko‘p yillik kuzatuvlar asosida to‘plagan taklifim xolos. Bundan tashqari, o‘qituvchining mehnat staji ham inobatga olinsa, nur ustiga a'lo nur bo‘lar edi. Chunki oliygohni endi tugatgan, hali darsga kirishga iymanib turadigan o‘qituvchi bilan 20-30 yillik tajribaga ega tajribali o‘qituvchining oylik maoshida negadir hech qanaqa farq yo‘q.

Mening shu takliflarim inobatga olinib, fidoyi o‘qituvchining oylik maoshi 1 000 dollarga yetsa, u bola-chaqamni qanday boqaman, kontrakt pulini qanday to‘layman, o‘g‘limni qanday qilib uylantiraman, degan fikrlardan butkul yiroq bo‘ladi va o‘zini faqat ta'limga bag‘ishlaydi. Buning samarasini tasavvur qilish qiyin emas. Masalan repetitorga borishga hojat qolmaydi.

Qolaversa, tarix o‘qituvchisi sifatida armonga aylanib qolayotgan bir niyatim bor. Gap shundaki, qishlog‘imizda Munchoqtepa deb ataladigan qabriston-tepalik bor. Hozir ham qabr qazilayotganda bu yerdan qadim ko‘zalarning sopol siniqlari, munchoq, pichoqqa o‘xshash turli ro‘zg‘or buyumlari chiqib turadi. Qani endi arxeolog olimlarimiz bu yerga ham e'tibor qaratib, izlanish olib borsa, balki ko‘hna tariximizning ochilmagan qirralari ochilarmidi.

«Shuncha gaplar chin yurakdan otilib, hayqirib chiqdi. Endi bu gaplarni ommaga e'lon qilish o‘zingizga havola…», deb yakunladi so‘zini qahramonimiz.

Abror Zohidov suhbatlashdi

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top