11:34 / 01.05.2021
3652

Chirigan kartoshka urug‘i olgan 404 nafar fermer sudda yutdi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudi binosida 2021 yilning 17 aprel kuni chirigan kartoshka bo‘yicha «EGOIST AST» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi ko‘rildi. Bu haqda Kun.uz muxbiriga Yakkabog‘ tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi bosh mutaxassisi G‘iyosiddin Muhammadiyev xabar berdi.

G‘.Muhammadiyevning xabariga ko‘ra, «EGOIST AST» MChJ bilan urug‘lik kartoshka olish bo‘yicha shartnoma tuzib, natijada huquqi buzilgan Yakkabog‘ va Shahrisabz tumanlaridagi jami 404 nafar fermer xo‘jaliklari foydasiga sud hukmi chiqarildi.

JIB Payariq tuman sudida raislik etuvchi Sh.Sharipov qarorni jinoyat doirasidagi sudlanuvchilar, fuqaroviy da'vogarlar va guvohlarning ko‘rsatmalari va sudlanuvchilarning oxirgi so‘zlarini tinglab, jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqib, hamda ishda mavjud bo‘lgan dalillarga huquqiy baho bergan holda chiqargan. Qarorga ko‘ra, zarar ko‘rgan 404 nafar fermer xo‘jaliklari foydasiga 13 milliard 444 million 603 ming 500 so‘m undirish to‘g‘risida sud hukmi chiqarilgan.

«Haqiqat kech bo‘lsa ham sudda adolatli qaror topdi», - deydi G‘.Muhammadiyev.

Kun.uz chirigan kartoshka urug‘i tarqatganlik masalasini avvaldan kuzatib kelmoqda. Avvaliga chirigan kartoshka urug‘i tarqatilayotgani to‘g‘risida video tayyorlangandi.

Undan keyin ikkala tomon o‘zini oqlagandi.

Shu voqealar asnosida bosh prokuratura fermerlarga chirigan kartoshka urug‘ini o‘tkazgan shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgandi.

Birinchi sudda ayblanuvchilar zararni qoplamasdan ozod etilgan bo‘lsa, 3-4 noyabr kunlari Qarshi tumanlararo sudida 14 nafar fermerning foydasiga hukm chiqarilgandi.

Mavzuga oid
Top