21:54 / 01.05.2021
7046
Hindiston hukumati koronavirusning yangi shtammi to‘g‘risidagi ogohlantirishlarga e'tibor bermagan - OAV

Mamlakatda mart-aprel oylarida mahalliy saylovlar munosabati bilan ommaviy yig‘inlar va siyosiy aksiyalar bo‘lib o‘tgandi. Bundan tashqari, hukumat bir necha hafta davom etadigan Kumbxa Mela festivalini o‘tkazishga ruxsat bergan va unda millionlab kishilar qatnashgan.

Hindiston hukumati mamlakatda aniqlangan koronavirusning yangi shtammi o‘ta yuqumli ekani to‘g‘risida avvaldan ogohlantirilgan, ammo epidemiyani to‘xtatish uchun hech qanday chora ko‘rmagan. Bu haqda Reuters o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Ogohlantirishga qaramasdan, millionlab odamlar diniy bayramlar va bosh vazir Narendra Modi hamda siyosiy partiyalar yetakchilari o‘tkazgan mitinglarda niqob taqmasdan qatnashgan. 

Mart oyi boshlarida Hindiston genetika konsorsiumi (INSACOG) koronavirusning yangi turi to‘g‘risidagi ogohlantirishnomani bevosita bosh vazirga bo‘ysunadigan mansabdorga taqdim etgan.

INSACOG tadqiqotchilari hindcha shtamm deb nom olgan B. 1.617 variantini fevralda aniqlagan, dedi Hayot to‘g‘risidagi fanlar instituti direktori va INSACOG a'zosi Ajay Parida.

INSACOG 10 martgacha o‘z xulosalarini sog‘liqni saqlash vazirligining kasalliklarni nazorat qilish markaziga bergan va epidemiya tez tarqalishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirgan.

Vazirlik oradan ikki hafta o‘tib bu borada bayonot bergan. Bayonotda faqat koronavirusning yangi shakllari test olish va karantin kabi choralarni qo‘llashni talab qilishi aytilgan. Ammo ommaviy yig‘inlarni cheklash kabi keskin choralar ko‘rilmagan.

Mamlakatda mart-aprel oylarida mahalliy saylovlar munosabati bilan ommaviy yig‘inlar va siyosiy aksiyalar bo‘lib o‘tgandi. Bundan tashqari, hukumat bir necha hafta davom etadigan Kumbxa Mela festivalini o‘tkazishga ruxsat bergan va unda millionlab kishilar qatnashgan.

Hindiston koronavirus yuqtirish holatlari soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turibdi. O‘tgan sutkada 401 993 kishida kasallik aniqlangan. Mamlakatda 19,1 million holat qayd etilgan, 15,6 milliondan ortiq kishi sog‘aygan, 211 ming bemor vafot etgan.

Top