13:59 / 01.05.2021
25533

Iftorlik va saharlikda ziyofatlarga berilib ketish Allohga nisbatan beodoblikdir - Ramazonga doir savol-javoblar

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid imom-noibi Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid Kun.uz bilan jonli efirdagi suhbatda ro‘zadorning iftorlik va saharlikda taomlanish odoblari haqida ma'lumot berdi.

— Ramazon oyida ro‘zadorlar uchun ovqatlanish xuddi bir mahal kamaygandek bo‘ladi, ya'ni saharlik va iftorlik qiladi, lekin tushlik qilmaydi. Ulamolar tushlik vaqtida yeyilmagan ovqatni saharlik va iftorlikka «sochib» yuborish noto‘g‘ri ekanini aytishadi. O‘sha bir mahal taomdan voz kechish kerak. Ertalab saharlikka odatiy kunlardagi nonushta singari, iftorlikka esa odatdagi kechki ovqat kabi qaralishi kerak. Ana o‘sha ro‘za tom ma'noda «o‘zining ishi»ni qiladi.

Bizda ko‘p odamlar saharlik vaqtida juda ko‘p ovqat yeb olishadi, keyin kun bo‘yi bezovta bo‘lib, yotib yoki uxlab yuradi. Saharlikka mayli, zaxira yig‘ib olmoqchi bo‘lgandir. Lekin iftorlikda suyuq, quyuq ovqatlar qo‘yiladi, juda och qolgan odam kabi dasturxon tuzaladi va ko‘p yeb qo‘yiladi. Natijada me'yordan ortiq ovqatlanish tanaga zarar bo‘ladi.

Hadislarda keladi, Payg‘ambarimiz alayhissalom saharlik va iftorlikda bir necha dona xurmo yeganlar. Non ham yeganlar, lekin juda ham kam.

Hasanxon qori Yahyo Abdulmajid

Iftorlik va saharliklarda ziyofatga, maishatxo‘rlikka berilib ketish yaxshi emas. Bunda ro‘zadan ko‘zlangan maqsad hosil bo‘lmaydi va Allohga nisbatan beodoblik ham bor. Ochofatlarcha ovqat yesa «kunduz kuni yeyish taqiqlangan bo‘lsa, biz hozir yeb olamiz» yoki «ro‘za tutaman deb och qolib ketdim» degan norozilik bo‘lishi mumkin. Shuning uchun iftorlik va saharliklarda odatdagidek bitta taom yeyilishi kerak, o‘rtadagi tushlik taomi tushib qoladi.

Bizda iftorlik ziyofatlariga ikki-uchtalab ovqat qilishadi, keyin xuddi yemasa gunohkor bo‘ladigandek hammasini yeyishadi. Keyin inson tarovihga borolmaydi, borsa ham pishillab turadi, behalovat bo‘ladi. Bu islom odoblariga zid, biz ularni gunohkor deya olmaymiz, lekin bular Rasululloh alayhissalom, sahobalar va ulardan keyingi solihlarning tutumlariga zid.

Ramazon – berilib ibodat qiladigan oy. Bu oyda juda ko‘p fazilatlar bor, bulardan foydalanish uchun ovqatni sal kamaytirish kerak. Bu ibodatni halovat bilan qilishga imkon beradi.

— Iftorlik vaqtida og‘iz ochish uchun aynan biror mahsulotni xoslab olish qanchalik to‘g‘ri?

— Payg‘ambarimiz alayhissalom iftorlikda xurmo bo‘lsa, avval uni yerdilar. Agar xurmo topilmasa, suv ichardilar. Biz ham agar qodir bo‘lsak, shunday qilganimiz yaxshi, lekin bu xurmo va suv bilan og‘izni ochish sunnat degan ma'noda emas, balki bu tavsiyaviy sunnat hisoblanadi. Rasululloh shunday qilgan ekan, shu mahsulotlar bilan og‘iz ochsangiz, savob bor, lekin boshqa narsa bilan iftorlikni boshlasangiz ham hech qanday gunoh bo‘lmaydi.

·       Barcha savol-javoblar bilan to‘liq video orqali tanishishingiz mumkin. Suhbat davomida, shuningdek og‘iz ochish va yopish vaqtlarini aniqlashdagi ixtiloflar, kimlarga ro‘za farzligi va kimlarga yengillik berilgani, Ramazonda qilish mumkin bo‘lgan ishlar va boshqa mavzularda so‘z boradi.

To‘liq video:

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top