15:26 / 01.05.2021
4477
Ota-onasidan biri O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan bolalar O‘zbekiston fuqarosi deb tan olinishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • 2005 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan shaxslarini O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olish;
  • 15 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqaroligi bo‘lmagan shaxs maqomida muqim yashab kelayotgan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olish;
  • ota-onasidan biri O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olingan bolalarni O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olish;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida tug‘ilgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasi asosida besh yil yashamasdan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish uchun iltimosnoma bilan murojaat qilish huquqini berish.

Ma'lumot uchun, 2021 yil fevral oyi holatiga, respublika bo‘yicha yashab kelayotgan 62 357 nafar fuqaroligi yo‘q shaxslardan 21 284 nafari, ya'ni 34 foizi 2005 yilga qadar O‘zbekistonga kirib kelgan.

Fuqaroligi bo‘lmagan shaxs maqomida kamida 15 yil davomida yashab kelayotganlar soni 1 034 nafarni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev bu haqda 2020 yil dekabridagi murojaatnomasida aytgan, yangilik 2021 yilgi davlat dasturiga kiritilgandi. Dasturda loyihani amalga oshirish muddati 1 may deb ko‘rsatilgandi.

Top