09:05 / 01.05.2021
15580

Samarqandda tanishini 1 000 dollarga sotayotgan shaxs ushlandi

Foto: Tergov departamenti

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida tanishiga Turkiyadan ish topib berishni va'da berib, uni 1 000 AQSh dollariga boshqa bir shaxsga sotayotgan erkak ushlangan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil aprel oyining boshlarida 28 yoshli A.Halim tanishi 37 yoshli I.Orziguldan Turkiya davlatida shahvoniy maqsadlarda foydalanishni niyat qilgan va aldov yo‘li bilan uning ishonchiga kirgan. Unga Turkiyadan yaxshi ish topib berishi va u yerga ketishida ham yordam berishini va'da qilib, unga tegishli fuqarolik pasportini egallab olgan.

So‘ng I.Orzigulni fuqaro S.ga 1 000 dollar evaziga sotishga kelishgan. 2021 yil 27 aprel kuni soat 22:00larda Past Darg‘om tumani Tinchlik mahallasida joylashgan kafelardan birida fuqaro S. bilan savdolashib, 1 000 dollardan 800 dollarini olayotgan vaqtida viloyat IIB TEQKB va Past Darg‘om tumani IIB TEQKG xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Past Darg‘om tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan A.Halimga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 1-qismi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top