09:14 / 01.05.2021
2396
Sobiq astronavt NASA koinot agentligining yangi rahbari etib tayinlandi

29 aprelda AQSh senati sobiq astronavt va senator Bill Nelson nomzodini NASA koinot agentligi rahbari lavozimiga tasdiqladi. Tez orada Nelson yangi lavozimni bajarishga kirishadi.

20 yanvarda NASA’ning avvalgi rahbari Jim Braydenstayn Jo Bayden rasman lavozimini bajarishga kirishishi sababli Oq uy ma'muriyati almashishi munosabati bilan lavozimini tark etgandi. O‘shandan beri koinot agentligi rahbari vazifasini Braydenstaynning o‘rinbosari — Stiv Yurchik bajarib kelayotgandi.

Manbalar Bayden NASA rahbari lavozimiga ayol kishi nomzodini ilgari surishi mumkinligini aytishgan. Biroq AQSh prezidenti Nelson nomzodini tanlagan va uning taklifi senat tomonidan ma'qullandi.

78 yoshli Nelson AQSh Demokratik partiyasi a'zosi hisoblanadi. U astronavt sifatida fazoda bir marta bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan. Nelson 1986 yilda STS-61C missiyasi doirasida Space Shuttle kemasida fazoga parvoz qilib, orbitada 6 kun qolgan. O‘sha missiyada Nelson bilan birga keyinchalik 2009 yildan 2017 yilgacha NASA’ga rahbarlik qilgan Charlz Bolden ham ishtirok etgan.

«Nomzodimning ushbu lavozimga ilgari surilishi va senatda ma'qullanishi men uchun katta sharaf. Men ishonchingizni oqlashga harakat qilaman. Oldinga va yuqoriga!» deb keltirilgan Nelsonning so‘zlari NASA saytida.

Top