17:10 / 01.05.2021
12040
Uzbekistan Airways Istanbulga qator reyslarni bekor qildi

Turkiyada koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq murakkab vaziyat tufayli shunday qarorga kelingan.

Foto: KUN.UZ

Turkiyada koronavirus tarqalishi kuchaygani, 3 haftalik lokdaun e'lon qilingani munosabati bilan Uzbekistan Airways Istanbulga aksariyat aviareyslarni bekor qildi.

Transport vazirligining ma'lum qilishicha, quyidagi reyslar bekor qilingan:

  • 2021 yil 14 may kunidagi HY 273-274 Toshkent – Istanbul – Toshkent reysi;
  • 2021 yil 7, 10 va 14 may kunlaridagi Samarqand – Istanbul – Samarqand reysi;
  • 2021 yil 1, 5, 8, 12, 15 may kunlaridagi Farg‘ona – Istanbul – Farg‘ona reysi;
  • 2021 yil 2, 9, 16 may kunlaridagi Urganch – Istanbul – Urganch reysi. 

Toshkent – Istanbul – Toshkent yo‘nalishida kunduzgi HY 271-272 reyslar o‘zgarishsiz bajariladi.

Turkiyada 17 maygacha to‘liq lokdaun joriy etilgan. Cheklovlar 29 aprel kuni soat 19:00dan boshlab kuchga kirdi va 17 may kuni 05:00da yakunlanadi. Ammo to‘liq lokdaun xorijiy sayyohlarga taalluqli bo‘lmaydi. Ular komendantlik soatiga amal qilish talabini bajarishdan ozod qilinadilar.

Turkiya Ichki ishlar vazirligining hujjatida mamlakatga turizm maqsadida qisqa muddatga kelgan xorijiy sayyohlar lokdaun vaqtidagi komendantlik soatiga rioya qilish majburiyatidan ozod qilinishlari ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, Turkiyada yashash huquqiga ega xorijliklar yoki vaqtincha xalqaro himoya ostida bo‘lganlar komendantlik soatiga amal qilishlari kerak bo‘ladi.

Shu tariqa, sayyohlar ko‘chaga chiqishlari, jamoat transportidan foydalanishlari va o‘zlari turgan mehmonxonadan istalgan uzoqlikdagi do‘konlarga tashrif buyurishlari mumkin.

Mamlakatda to‘liq lokdaun kiritilmaguncha ham karantin cheklovlari xorijiy sayyohlarga nisbatan amal qilmagandi. Ular transportda erkin harakatlanishgan va muzeylarga bora olishgan.

Top