23:15 / 02.05.2021
14064

Epidemiya davrida qaysi mamlakat o‘z fuqarolariga qancha miqdorda iqtisodiy yordam ko‘rsatmoqda?

To‘liq yoki qisman yopilishga duchor bo‘lgan dunyoning ko‘plab mamlakatlari daromadlarni qo‘llab-quvvatlash, moddiy yordam va soliqlarni kamaytirish kabi amaliyotlar bilan aholining koronavirus epidemiyasidan jabr ko‘rish darajasini kamaytirishga harakat qilmoqda.

Xo‘sh, qaysi davlat o‘z fuqarolariga qanday va qancha miqdorda iqtisodiy yordam ko‘rsatmoqda?

AQSh

AQSh prezidenti Jo Bayden yanvar oyida lavozimiga kirishgandan so‘ng 1,9 trillion dollarlik iqtisodiy rag‘batlantirish paketini imzoladi. Xalqaro valuta jamg‘armasi ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh ushbu yordam uchun o‘z milliy daromadining 25,4 foizini ajratgan.

Rag‘batlantiruvchi paket doirasida oilalarga jami 1 trillion dollar tarqatildi, barcha amerikaliklarga kishi boshiga 1400 dollardan berildi.

Uy-joy, oziq-ovqat va tibbiy yordamdan tashqari, bolali oilalarga soliq imtiyozlari ham taklif etilmoqda.

Qayd etish joiz, ushbu mamlakatda o‘tgan yil bahorida koronavirus cheklovlaridan so‘ng 11 milliondan ortiq odam ishsiz qolgandi.

Angliya

Milliy daromadning 16,3 foizini yordamga ajratgan Buyuk Britaniyada daromadlarni qo‘llab-quvvatlash rejasiga muvofiq, pandemiya tufayli ishlay olmaganlarning ishlay olmagan soatiga ko‘ra maoshning 80 foizi davlat tomonidan qoplab berildi.

Oyiga maksimal 2 ming 500 funt sterling miqdorida ish haqi yordami ko‘rsatildi.

Shuningdek, hukumat yetkazib berish xizmatlari bilan cheklangan kafe va restoranlardan oziq-ovqat sotib olishni rag‘batlantirish uchun «Tashqarida ovqatlan, yordam ber» shiori bilan kampaniya boshladi. Ushbu korxonalar avgust oyida davomida mijozlarga qilgan 50 foiz chegirmani o‘zi qoplashga rozi bo‘ldi.

Buyuk Britaniyada yakka tartibdagi ish bilan band bo‘lgan 600 mingdan ortiq kishiga daromadni qo‘llab-quvvatlash rejasi taklif qilindi, ammo bundan ko‘zlangan natijaga erishilmadi. Tovar aylanmasining 30 foizi yoki undan ko‘prog‘ini yo‘qotuvchi korxonalarga ular foydasining 80 foizigacha grantlar berilishi mumkin.

Dekabr oyida qo‘yilgan so‘nggi cheklovlar aprel oyidan boshlab asta-sekin bekor qilina boshladi. 12 aprel kuni chora-tadbirlar yumshatilishi ortidan do‘konlar, sartaroshxonalar, sport zallari va kutubxonalar qayta ochildi, restoran va pablar ochiq havo maydonlarida xizmat ko‘rsatishni boshladi. 21 iyundan boshlab barcha tarmoqlarning ishga tushirilishi kutilmoqda.

Buyuk Britaniya hukumati 9 milliondan ortiq odamga foyda keltirgani ma'lum qilingan rejani sentabr oyigacha uzaytirdi.

Germaniya

Germaniyada koalitsion hukumat pandemiya boshlanganidan beri 156 milliard yevro, 130 milliard yevro va 60 milliard yevro miqdoridagi uchta moliyaviy rag‘batlantirish paketini e'lon qildi. Mamlakat milliy daromadining 11 foizi yordam uchun ajratildi.

Rag‘batlantirish doirasida oziq-ovqat mahsulotlarining QQS stavkasi 7 foizdan 5 foizga, iste'molni oshirish uchun qo‘shimcha qiymat solig‘i vaqtincha 19 foizdan 16 foizga tushirildi.

«Barcha uchun rag‘batlantiruvchi paket» shiori ostida epidemiyadan zarar ko‘rgan oilalar, ishsizlar, qariyalar va yoshlarga qo‘shimcha moddiy yordam ko‘rsatilmoqda. Kichik biznes egalari va yakka tartibdagi ishchilar ham 50 milliard yevrolik yordamdan foydalanmoqda.

Fevral oyida oilalarga har bir bola boshiga avvalgi 300 yevrolik yordamga qo‘shimcha sifatida 150 yevro miqdorida bir martalik yordam berilishi ma'lum qilindi. San'at va san'atkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun budjetdan 2 milliard yevro ajratildi.

Rossiya

Milliy daromadining 2,9 foizini moddiy rag‘batlantirishga ajratgan Rossiyada iqtisodiy rag‘batlantirish to‘plami doirasida turli dasturlar mavjud.

Ishsizlik nafaqasini 5 oy davomida eng kam ish haqi darajasiga keltirilishi, karantinda bo‘lgan shaxslarga kasallik ta'tillari berilishi, moddiy yordam ko‘rsatilishi, bolali oilalar uchun bir martalik pul yordami, eng ko‘p zarar ko‘rgan tarmoqlarga davlat ko‘magi va soliqlarni kechiktirish shular jumlasidandir.

Ishsizlarga yordam miqdori 8 ming rubl (107 dollar)dan eng kam ish haqi miqdori 12 ming 130 rubl (162 dollar)ga ko‘tarildi.

Hindiston

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 2020 yilda epidemiyaning iqtisodiy ta'siriga qarshi kurashish uchun 20 trillion rupiya (265 milliard dollar) miqdoridagi ilk yordam paketini e'lon qildi. Mamlakatda moliyaviy yordam ko‘rsatish milliy daromadning 3,1 foizi darajasida.

Moliyaviy paket doirasida yangi obektlar uchun soliqlarni kamaytirish, xorijiy kompaniyalar uchun esa investorlarni rag‘batlantirish va kichik biznes uchun kreditni qo‘llab-quvvatlash kabi choralar ko‘rildi.

Shuningdek, Hindiston hukumati noyabr oyida 35 milliard dollarlik moliyaviy rag‘batlantirish paketini e'lon qildi.

Muhojirlar, dehqonlar, ko‘cha sotuvchilari kabi kam ta'minlanganlarga maxsus yordam ko‘rsatildi. 8 milliondan ortiq fermerga 26,25 dollar miqdorida yordam berilishi e'lon qilindi.

Mamlakatda har oy kambag‘allarga 5 kg bug‘doy yoki guruch yordami, nafaqaxo‘r, nogiron va beva ayollarga 13 dollar, ayollarga 19,6 dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri pul yordami berilmoqda.

Hindiston hukumati va Jahon banki dekabr oyida kambag‘allarni qo‘llab-quvvatlash uchun 400 million dollarlik yordam loyihasini imzoladi.

Turkiya

Turkiyada hukumat 2020 yil mart oyida 100 milliard liralik «Iqtisodiy barqarorlik qalqoni» deb nomlangan rag‘batlantiruvchi paketni e'lon qildi.

Moliyaviy paket doirasida ishlab chiqarishni to‘xtatib qo‘ygan ish joylarida ishlovchilarga vaqtinchalik daromadni qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarga 2 milliard liralik mablag‘ o‘tkazish, qisqa muddatli ish haqidan foydalana olmaydigan yoki ishdan bo‘shatilganda ishsizlik nafaqasini ololmaydigan ishchilarga kunlik 39,24 lira miqdorida yordam ko‘rsatish belgilandi.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan chiqarilgan so‘nggi ko‘rsatmada 29 aprel oqshomidan 17 maygacha davom etadigan uzluksiz komendantlik soatidan ta'sirlanuvchilarga mo‘ljallangan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash rejasining o‘rin olmagani tanqid qilinmoqda.

Inqilobiy kasaba uyushmalari konfederatsiyasi (DİSK) tadqiqot markazinıng Xalqaro valuta jamg‘armasi ma'lumotlariga asoslangan tadqiqotida Turkiya koronavirusga qarshi kurashish uchun eng kam pul sarflagan va moliyaviy yordam ajratgan davlatlardan biri ekanligi ta'kidlandi.

Hisobotda Turkiya Covid-19’ga qarshi kurashish uchun milliy daromadining atigi 1,1 foizini ajratgani ta'kidlandi. Xalqaro valuta jamg‘armasining aprel oyidagi hisobotida esa ushbu ko‘rsatkich 1,9 foiz deb e'lon qilindi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top