15:10 / 02.05.2021
56089

«Mudhish xatoga yo‘l qo‘yganman» – 8 yildan beri vatandan uzoqdagi mahkuma hikoyasi

Nigora Umarova, 30 yoshda. Tojikistonlik. 2014 yilda Rossiyada qamalgan. Keyin u yerdan O‘zbekistonga olib kelingan. JKning 160-moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. 8 yildan beri Zangiotadagi qamoqxonada, yana 6 yil muddati qolgan. Bu yerdagi mahkumalarga eng ko‘pi bilan 13 yil-u 4 oy ozodlikdan mahrum etish jazosi berilgan.

Bu hayotda har bir insonning o‘z missiyasi bo‘ladi. Dunyoga kelishdan asosiy maqsadini anglab olgan inson umri davomida insoniyatga foydasi tegadigan ishlar qila oladi. To‘g‘ri yo‘ldan adashganlar esa sinovlarga dosh berolmay, qayta-qayta xato qilaveradi. Zangiota tumanidagi 24-son ayollar jazosini ijro etish muassasasidagi mahkumalar bilan gaplashib, shu kabi hayotiy xulosalarni olish mumkin. «Mahkuma» loyihasining navbatdagi sonida hayotda adashib, muhim xulosalarga ega bo‘lgan ayolning taqdiri hikoya qilinadi.

«Mudhish xatoga yo‘l qo‘ydim»

17 yoshimda turmushga chiqqanman. Turmush o‘rtog‘im bilan 3 kun yashaganman, avtohalokatga uchrab, vafot etgan. Qizlik uyimga qaytib borganman. Otam boshqa ayolga uylangan edi. O‘z onam ancha yillar oldin vafot etgandi, uni ko‘rmaganman. Uyga qaytganimdan biroz vaqt o‘tib, o‘g‘il farzand ko‘rdim. O‘gay onamning asossiz janjallari tufayli uyni tashlab ketganman. U dadamning uchinchi xotini bo‘lgan. Tug‘ishgan onam dadamning birinchi ayoli bo‘lgan. Ikkinchi marta oila qurgach, otam qamalib ketdi. Ikkinchi onam ketib qolgan. Qamoqdan chiqqach, uchinchi marta uylandi.

Uchinchi onamning qiliqlarini ko‘tarolmay, uydan chiqib ketdim. Bolamniyam olib ketmoqchi bo‘ldim, ammo o‘gay onam bermadi. Yolg‘iz o‘zim ketdim. Bu orada bir ayol bilan tanishdim. U O‘zbekistonda senga restorandan ish topib beraman, pul topib, bolangga jo‘natasan, dedi.

O‘shanda mening pasportim yo‘q edi, faqat tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma bor edi, xolos. Ertalab soat 6:30da Bekoboddagi Tojikiston-O‘zbekiston chegarasidan o‘tdik. Ko‘prik tagidan o‘tib ketdik. 

Sirdaryoning Shirin shahriga yetib bordik. O‘sha paytlari qishloqning sodda qizi bo‘lganman, kim nima desa ishonib ketaverganman. Bir uyga keldik, qizlar juda ko‘p ekan. Qizlar kirib-chiqib, o‘sha yerdagi Jamila ismli ayolga pul sanab berishgan holatlarini ko‘rib, hech nimani tushunmaganman. Jamila opa oldimga kelib, menga yaxshi muomala qila boshladi. Unga boshimdan o‘tgan barcha voqealarni aytib berganman. Ular mening soddaligimdan foydalanishdi. 

Jamila opaga bu yerga restoranda ishlash uchun kelganimni, tezroq pul topib bolamga olib borishim kerakligini aytgan zahotim, atrofimdagi qizlar kulib yuborishdi. Jamila opa «Qanaqa restoran? Sen bu yerga fohishalikka kelgansan», deb aytdi. O‘sha payti joyimda qotib, muzlab qoldim. «Dadam odam o‘ldirgani uchun qamalib chiqqan. Bu ishim uchun meni sog‘ qo‘ymaydi. Hech qachon bu ishni qilmayman», dedim. Qilmagan ishimni baribir qildim. Hozirgacha o‘ylayman: shu yo‘lga kirmaganimda, qamalmagan bo‘lardim.

Jamila opa meni olib kelgan Dilya opaga (u ham qamaldi) telefon qilib, «Bu qizga nima uchun kelganini tushuntirmadingmi?» deb so‘radi. Telefonni shartta olib, Dilya opaga bu ishni qilmasligimni aytdim. U hech narsani tushuntirmay, hozir yetib kelishini aytdi. Fohishalik qilasan, deyishganda, bu ish yomon ish ekanligini bilardim, oyoq-qo‘llarim qaltirab ketgandi o‘shanda. Birozdan keyin Dilya opa kelib, avvaldan menga fohishalik qilishimni aytganini ta'kidladi. O‘jarlik qilib turib olgach, meni aldab bozorga olib borishdi. U yerda kiyimlar olib berishdi, go‘zallik saloniga kirdim. 

«Bolamni farzandsiz oilaga berishni niyat qilib yurgandim»

U yerdan qaytgach, tamaddi qilib oldim. Yegan-ichganim ta'sirida o‘zimni boshqarolmay qoldim. Keyin bilsam, ovqatimga 2ta dori qo‘shishgan ekan. Shundan keyin hammasi boshlandi. 1 yil davomida shunday yashadim. 

Pul topib, o‘zimni eplay boshlaganimda, Tojikistonga, uyimga bordim. Borsam, bolam beshikda, axlati ustida bo‘lib yotgan ekan. O‘gay onam bolamga yaxshi qaramagandi. Bolamni beshikdan olib, yuvintirdim. Keyin dadam kelib, qayerda yurganimni so‘radi. Ayamga bu yerdan ketsin, bolasiniyam olib ketsin, deb aytibsiz-ku, dedim. Dadamga O‘ratepada restoranda ishlayapman, deb aldadim. Dadam: «O‘zing bittasan. Seni boqolmaymanmi?» deb urishdi. Kunlarning birida dadam ichib keldi. Menga qarata o‘ta haqoratli gaplar aytdi. Tabiiyki, chidolmay kechasi bo‘lishiga qaramasdan, bolamni oldim-da, uydan chiqib ketdim. Sharros yomg‘ir yog‘ayotgandi.

Bolamni olib o‘sha joyga qaytdim. Bolam 1,5 yashar bo‘lsa ham yurmasdi. Albatta, bu meni xavotirga solardi. Bolam qo‘limda o‘lib qolsa, o‘zimni hech qachon kechirolmasdim. Farzandsiz oilaga bolamni berishni o‘ylab yurgandim. Kechki vaqt uydan chiqdim. Qaytib kelsam, bolam yo‘q. Jamila opadan so‘rasam, u tushuntirmadi hech narsani. O‘sha yerdagi qizlardan biri Jamila opa bolani yaxshi oilaga berib yuborganini aytdi. 

O‘shanda 2010 yil edi. Shu voqeadan keyin Tojikistonga o‘tib ketdim. U yerdan Rossiyaga uchib ketdim. Rossiyada arman ayolning bolasiga enagalik qildim. Oradan 3 yil o‘tib, Tojikistondan otam telefon qilib, meni bir ayol so‘rab kelganini aytdi. U bolani asrab olgan ayol ekan. Bolamning hujjatlarini to‘g‘rilash masalasida menga qo‘ng‘iroq qilibdi. Samolyotga chipta olib, hujjatlarni to‘g‘rilash uchun O‘zbekistonga qaytdim. Barcha hujjatlarni tayyorlab, hatto notariusga borib, onalikni da'vo qilmayman, deb qo‘l qo‘yib berdim. 

«Qilmagan jinoyatimni tan oldim, chunki o‘rnimga dadamni qamashlarini aytib, qo‘rqitishdi» 

2013 yilda meni xalqaro qidiruvga berishdi. O‘zbekiston chegarasini noqonuniy buzib o‘tish ayblovi qo‘yildi. Undan oldin ham O‘zbekistonga kelib-ketib yurganman. Bolaligimizda dadam qamalgach, meni bolalar uyiga, akamni esa Bekobodda yashaydigan tog‘amga berib yuborishgan. Yillar o‘tib, akamni, boshqa qarindoshlarni ko‘rish uchun O‘zbekistonga o‘tganman. Onam ham o‘zbekistonlik bo‘lgan. 

Rossiyada bo‘lgan paytimda o‘gay onam telefon qilib, meni sog‘inganini aytib, qaytishimni so‘radi. Men ham ularni sog‘ingandim. Rossiyada aeroportda militsioner pasportimga qayta-qayta qaradi, chekkaga o‘tib turishimni so‘radi. Ancha vaqt o‘tdi. Ularga pasportimni berishlarini, ketishim kerakligini aytdim. Meni O‘zbekiston xalqaro qidiruvga berganligini aytishdi. Sababi sifatida odam savdosi jinoyatini sodir etganim aytildi. Voyaga yetmagan bolani sotib yuborgan ekanman. Uni sotib yubormaganman, o‘zim berganman, desam ham foydasi bo‘lmadi. Voyaga yetmagan qizlarni majburiy ishlatganim aybi ham qo‘yilgandi. Ular xohlagani uchun shu ishni qilishgan, majburlamaganman. 

135-modda bilan meni sud qilishdi. Sudda bolani o‘z xohishim bilan berganimni aytdim. Lekin shunda ham 9 yil muddat berishdi. 4 yildan keyin amnistiya berildi, shu bilan chiqib ketishim kerak edi. Yana qayta qamoqxonaga olib borishdi. Oradan 1 oy o‘tib, meni tergov qilishdi. O‘zbekiston chegarasidan birinchi marta qachon o‘tgansan, deb so‘rashdi. 2002 yilda o‘tganimni aytdim, chunki dadam 2001 yilda qamoqdan chiqqach, 2002 yilda O‘zbekistondan uylangandi. Undan tashqari, onamning qabri, qarindoshlari O‘zbekistonda bo‘lgani uchun o‘tib qaytganman. 

Fohishalik qilganingda Tojikiston tomonga O‘zbekiston prokuraturasi, harbiy qismlari chizmasini aytib berganmisan, deb so‘roq qilishdi. Tojikistonga bu nima uchun kerak, deb so‘radim. Tergovchilar shu ishni qilgansan, deb bo‘ynimga qo‘yishdi. Sening sheriklaring vatan xoini bo‘lib, turmada o‘tiribdi, deyishdi. Ular o‘zini sotgan, xolos. Oxiri menga shu aybni qo‘yishdi. 15 yil muddat berishdi.

Tan olishga majbur bo‘ldim, chunki dadangga shu aybni qo‘yamiz. U sening o‘rningga 20 yilga qamaladi, deyishdi. Qo‘rqdim, dadamni o‘yladim va aybni tan oldim. Hozir umumiy muddat 13 yil-u 4 oy qilib qisqartirildi. Yana 6 yil muddatim qoldi. 

«Mehr ko‘rmay o‘sdim»

Bu yerda ortimdan hech kim yo‘qlab kelmaydi, yaqinlarim kelishini xohlamayman. Akam O‘zbekistonda yashaydi. Uning kelishini, menday singlisini deb boshi egilishini istamayman. Koloniyaga birinchi kelganimda, dadamga xat yozgandim. «O‘lmasam chiqaman. Meni yo‘qlab kelmang», deb xat yozganman. Xatni balki olgandir, balki yo‘q. Unisini bilmadim. Dadamni oxirgi marta 2013 yilda ko‘rganman. Bu yerda eng ko‘p turmush o‘rtog‘imni eslayman. 3 kun yashaganman, avtohalokatda vafot etgan. Turmushga chiqishimdan oldin biz 5 yil gaplashganmiz.

Ko‘p o‘ylaganman: nega mening dadam boshqalar kabi mehr bermagan? Turmush o‘rtog‘im bilan birinchi marta gaplashganimda, menga juda yaxshi muomala qilgan. Dadamga qo‘pollik qilganimda, biror ishda xato qilsam, menga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatardi. Dadam xato ish qilsam urardi. Shunaqa vaziyatlarda unga qo‘ng‘iroq qilib dardimni aytardim.

Turmush o‘rtog‘im menga umuman yomon gap aytmagan, urishmagan. Balki u hayot bo‘lganida, bunaqa holatlar bo‘lmasmidi? Inson hayotida mehr juda katta rol o‘ynarkan. Ayniqsa, ona mehri. Nimaga onam o‘gay bo‘lsayam menga mehr berishni istamagan, deb o‘ylayman. Axir, bolasini jigariday ko‘radigan o‘gay onalar ham bor-ku? 

«Dadam har qancha yomon bo‘lmasin, men uni yaxshi ko‘raman»

Tug‘ishgan otam bo‘la turib, xuddi begonaday yashaganman. Hattoki dadam bilan o‘tirib tamaki chekardim, ichardim. Qaysi ota qizi bilan ochiqchasiga tamaki chekib o‘tiradi, ichadi? Ming yomon odam bo‘lsin, menga mehr bermasin, baribir u mening padarim. Bu yerdan chiqqach, birinchi bo‘lib qiladigan ishim – dadamning oldiga bosh urib borib, kechirim so‘rash. Diskotekada yigitlar bilan kayf-safo qilib o‘tirganimda, dadam hol-axvolimni so‘rab qo‘ng‘iroq qilsa, ko‘tarmasdim. Hadeb telefon qilaverganidan oxiri ko‘tarsam, mendan xavotirlanganini aytardi. Men esa dadamni urishib, telefonni o‘chirib qo‘yardim. Oldimdagi yigitlarni deb dadamni xafa qilardim. 

«Bu dunyoda ota-onadan boshqa hech kim do‘st emas»

Koloniyaga kelib juda ko‘p narsalarni angladim. Ota-onangizdan boshqa hech kim do‘st bo‘lolmas ekan. Do‘stingman deb aldab ketadiganlar juda ko‘p bo‘larkan. Ota-ona farzandiga yomon bo‘l, deb tanbeh bermas ekan. Dadam urishsa, xafa bo‘lardim. Angladimki, dadam qizim men adashgan yo‘ldan yurmasin, deb koyigan ekan. Meni ko‘rib turganlarga aytardimki, ozodlikni, ota-onalarini vaqtida qadrlashsin. Har qanday vaziyatda ham men kabi oxiri yo‘q yo‘lni tanlashmasin. Ozodlikdan mahrum bo‘lgach, afsus qilishdan foyda yo‘q. 

Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Mavzuga oid
Top