11:03 / 02.05.2021
4316

O‘zbekistonda vaksinatsiyaning ikkinchi oyi boshlandi, ilk kuni 58 mingdan ortiq kishi emlandi

O‘zbekiston hududlari bo‘ylab 1 may kuni jami 58 235 kishi COVID-19’ga qarshi emlandi.

Shu tariqa ayni kungacha O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan fuqarolar soni 856 016 nafarga yetdi.

1 may kunidagi emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni

  • Andijon viloyati (8852 nafar),
  • Samarqand viloyati (7309 nafar),
  • Namangan viloyati (7229 nafar) band qildi.

Koronavirusga qarshi emlangan jami aholi soni:

  • Farg‘ona viloyatida 123 064 nafar, 
  • Namangan viloyatida 92 103 nafar, 
  • Andijon viloyatida 91 120 nafarni tashkil qilmoqda.

Bir oy davomida qaysi hududda qancha aholi emlandi?

O‘zbekistonda vaksinatsiyaning birinchi bosqichi 1 aprel kuni boshlangandi. O‘shanda: 

  • birinchi galda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar  markazlari, Toshkent shahri va boshqa katta shaharlarda ommaviy emlash tadbirlarini amalga oshirish, 
  • keyinchalik tuman markazlari va kichik shaharlar aholisini ommaviy emlash tadbirlarini amalga oshirish, 
  • undan so‘ng esa boshqa hududlarni ommaviy emlash tadbirlari bilan qamrab olish ko‘zda tutilgandi.

Mabodo keyinchalik emlanishi rejalashtirilgan xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamida koronavirusga qarshi ertaroq emlanishga xohish paydo bo‘lsa, emlash punktlariga murojaat qilishlari va belgilangan kunda kelib emlanishlari belgilangan edi. 

Ushbu reja asosida aprel oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar  markazlari, Toshkent shahri va boshqa katta shaharlarda faqatgina 65 yosh va undan oshgan fuqarolar va tibbiyot xodimlari ommaviy emlash tadbirlariga jalb qilingan bo‘lsa, keyinchalik tuman markazlari va kichik shaharlarda yashovchi aholi ham emlashga jalb etildi. 

27 aprel kunidan boshlab xavf osti guruhiga kiritilgan yana uchta aholi qatlami (maktab va maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlar, surunkali kasalligi borlar) ham emlana boshlandi.

Vaksinatsiyaning ilk kunida kunlik hisobda Toshkent shahridan 1651 nafar fuqaro emlanib, hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich qayd etgan bo‘lsa, keyinchalik vaksina olish bo‘yicha mutlaq yetakchilikni Farg‘ona viloyati egalladi. 

Jumladan, 12 aprelda bir kunning o‘zida Farg‘onada 18 ming nafardan ortiq fuqaro emlanib, kunlik ko‘rsatkichlar bo‘yicha rekord qayd etildi. 

Vaksinatsiyaning ikkinchi o‘n kunligida Farg‘ona, Namangan, Andijon va Samarqand viloyatlarida emlanish ko‘rsatkichi 40 ming nafardan oshgan edi. Hozirda ham ushbu hududlarda aholining emlanish ko‘rsatkichi boshqa hududlardan sezilarli darajada yuqori ekani e'tiborga loyiq. Ulardan keyingi o‘rinlarni Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari egallab kelmoqda.

Aprel oyi yakuniga kelib, Farg‘ona viloyatida  hududlar orasida birinchi bo‘lib 100 ming nafardan ortiq aholi emlanib, yana bir rekord qayd etildi.

30 aprel kuni mamlakat bo‘ylab emlanish bo‘yicha kunlik rekord ham yangilanib, 79 310 nafar aholi vakili koronavirusga qarshi vaksina oldi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top