15:51 / 03.05.2021
1738
Qoraqalpog‘istondagi qamoqxonada «Ombudsman qutisi» olib qo‘yilgani, mahkumlarning yotoqxonasi talabga javob bermasligi va mehnat huquqlarining buzilayotganligi ma'lum bo‘ldi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili Zuxra Reymova Qo‘ng‘irot tumanidagi 28-sonli manzil koloniyasida monitoring ishlarini olib borgan.

Monitoring davomida muassasada joylashtirilishi majburiy bo‘lgan «Ombudsman qutisi»ning olib tashlanganligi aniqlandi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Koloniya boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda manzil koloniyasida ta'mirlash ishlari olib borilayotganligi sababli, «Ombudsman quti»lari vaqtincha olib qo‘yilgan. 

Monitoring davomida mintaqaviy vakil Zuxra Reymova mahkumlarning yotoqxonalari belgilangan talab me'yorlariga javob bermasligi bo‘yicha ham o‘z tavsiyalarini bergan.

Shuningdek, Ombudsman vakili muassasada saqlanayotgan shaxslarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam haqida mas'ul shifokor bilan suhbatlashganda, u dori-darmon, uskunalardan kamchilik va muammolar yo‘qligini, sharoitlar qoniqarli darajada ekanligini bildirgan.

Manzil koloniyadagi sharoitlar ko‘zdan kechirilgan. Mintaqaviy vakil mahkumlar bilan suhbat o‘tkazdi. Murojaatchilar tomonidan mehnat huquqlarining buzilayotganligi, jumladan, ularning ish vaqti kuniga 7 soat etib belgilangan bo‘lishiga qaramay, ayrim paytlar 8 soatdan majburiy ishga jalb etilayotgani bildirildi. Mazkur holat Ombudsmanning Qoraqalpog‘istondagi mintaqaviy vakili aralashuvi bilan ijobiy hal etilgan.

Mahkumlar bilan o‘zaro suhbat davomida kelib tushgan murojaatlar asosan sud-tergov jarayoni bilan bog‘liq bo‘ldi.

Top