14:51 / 03.05.2021
23543

«Biz istagan paytda o‘ynaysiz!» - Muxlislar Gleyzerlardan nega norozi?

«MYu»ning amerikalik xo‘jayinlari ingliz muxlislarining joniga tegishdi.

Foto: Getty Images

Televizor qarshisida «Manchester Yunayted» – «Liverpul» bahsini kutib o‘tirgan muxlislar shiddatli derbi o‘rniga muxlislarning shiddati undan ham kam bo‘lmagan norozilik namoyishlari, tartibsizliklari haqida xabarlar o‘qib o‘tirishga majbur bo‘lishdi. Klub tomonidan rasmiy ma'lumot ham yo‘q, zero, APL va klublar ijtimoiy tarmoqlardagi rasizm bilan kurashish bilan ovora, ya'ni vaqtinchalik boykot e'lon qilgan. Tarkiblar e'lon qilinib, o‘yin ikki soatga qoldirilishi mumkinligi haqidagi xabarlar ortidan, o‘yin rasman noma'lum muddatga qoldirilgani ma'lum qilindi.

Hali noma'lum muddatni belgilash ham bir muammo, chunki may oyida har uch kunda «Yunayted» yoki «Liverpul»ning o‘yinlari bor. O‘rtada ochiq darchani topish ham mumkin emas. «MYu» Yevropa Ligasi finaliga yaqin turganini e'tiborga olsak, faqat 30 may kuni bo‘sh – chempionat tugaganidan so‘ng, turnir jadvaliga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan o‘yinni o‘tkazish reglamentga ham zid.

Katta ehtimol bilan o‘yin 15-16 may kunlarining biriga belgilanishi mumkin. Shu kuni «Liverpul»ning «Vest Bromvich» bilan o‘yini bor. Bu uchrashuvni «MYu» «Lester» bilan o‘ynaydigan, «Liverpul» dam olishi kerak bo‘lgan 12 mayga ko‘chirish mumkin. Ana shunda 15-16 may har ikki klub uchun ham ochiq kunga aylanadi.

Hozirda The Athletic nashrida ishlayotgan Endi Mitten ilk davrlardan buyon «Yunayted» muxlislari to‘lqini bilan birga «suzgan» va u Gleyzerlarga nisbatan bu qadar noroziliklar qayerdan kelib qolgani haqida qisqacha tushuntirish berdi: «Bo‘lib o‘tgan voqea yillar davomida pishib kelgan edi. Misol uchun, 2019 yilning yozida «Manchester Yunayted» muxlislari yetarlicha transferlar amalga oshirilmayotganidan norozi bo‘lib, shu kabi tadbir amalga oshirishga urinishgan, ammo belgilangan vaqtda hech kim kelmagandi. 2020 yilning fevralida esa «Vulverhempton»ga qarshi uy uchrashuvida muxlislar uchrashuv tugamasdan namoyishkorona tribunani tark etishdi – bu ham e'tiborsiz qoldi. Kecha hammasi boshqacha bo‘ldi. «Old Trafford»da shu qadar ko‘p fanat yig‘ildiki, ularni bee'tibor qoldirishning imkoni ham yo‘q edi».

Shu o‘rinda, norozilik namoyishlari stadion ichkarisiga kirib tartibsizlik amalga oshirilgani, politsiyaga hujum qilingani kabi noqonuniy va xunuk ishlar bilan tushunilmasligi kerak. O‘sha videolar fonida, masalan, ekspertlar yoki «MYu»ning sobiq futbolchilarining muxlislar yonini olishi biroz g‘alati ko‘rinadi ham. Aslida, norozilik namoyishi ko‘chada, stadion atrofida, plakatlar bilan amalga oshirildi. «Qachon o‘ynashingizni biz hal qilamiz» shiori bilan «Liverpul»ga qarshi o‘yinga xalaqit berildi. Stadion ichkarisiga bostirib kirganlar esa, namoyishning kichik bir guruhi, xunuk yuzi xolos.

«Aslida namoyish qatnashchilarining maqsadi shunchaki bezorilik qilish emasdi, 2005 yildan beri to‘planib kelgan e'tirozlar, noroziliklarning bildirilishi, nihoyat klubning amerikalik ishbilarmonlardan qutulishi edi. Superliga mashmashasi ortidan sodir bo‘lgan voqealar, jumladan, Gleyzerlarning muxlislardan uzr so‘rab, muxlislar ishonchini qayta qozonishga va'da bergani ham hech kimni yumshatmagandi, zero, o‘sha ishonchning o‘zi eng boshdan bo‘lmagan.

2005 yildan klub boshqaruvini to‘liq o‘z qo‘liga olgan Gleyzerlarning muxlislar bilan doimiy muloqot qilish va'dasi - eng balandparvoz va'dalaridan biri edi. Lekin 16 yil, to mana shu Superliga mojarolari boshlanguncha, ular jim qolishdi, ularni hech kim eshitmadi. Shuning uchun ham Joel Gleyzerning uzrnomasiga munosib javob berildi – «Uzring qabul qilinmadi!»

«Yunayted» Gleyzerlar kelguncha, juda katta ashaddiy muxlislar guruhiga ega edi. Bu guruh o‘shanda ikkiga ajralib qolgandi. 4000ga yaqin fanatlar klubdan chekinib «Yunayted of Manchester» nomi bilan o‘z klublarini tashkil qilishdi. Klub muxlislarining haligacha bir-biri bilan gaplashmasligi, ketganlarni «iuda» (xristianlikda sotqin timsoli) deb atalishi-yu, qolganlar qo‘rqoqlikda ayblanishi bilan Gleyzerlarning umuman ishi yo‘q edi.

2010 yilda fanatlar o‘ziga xos «sariq-yashil» sharflarni «anti-Gleyzer» pozitsiyasining ramzi sifatida ishlatishni boshlashdi. Lekin shunday bo‘lsa-da, ular stadionga jamoani quvvatlagani kelishar, ya'ni Gleyzerlarga pul to‘lashardi. Amerikaliklar baribir aksariyat muxlislar o‘zligidan kechib, sevimli klubini butunlay tark etmasliklarini juda yaxshi bilib turishardi», deydi Mitten.

Boshqa investorlar, masalan, Abramovich yoki arab shayxlari klubni sotib olgach, uni rivojlantirish uchun ma'lum miqdorda pul sarflashsa, «MYu»da hammasi aksincha bo‘lgan – katta kredit evaziga klubni sotib olgan Gleyzerlar oilasi ushbu kreditning «sopini o‘zidan chiqardi», ya'ni aynan «MYu» daromadlari yordamida qarzni yopa boshlashdi. O‘tgan davrda klubdan 1,5 milliard funt atrofidagi mablag‘ aynan Gleyzerlarning qarzlarini to‘lash uchun chiqib ketgan.

Barcha sovrinlar uchun kurashishga o‘rgangan Yevropa futboli grandi Ser Aleks Fergyuson ketganidan so‘ng, biror marta ham mamlakat chempioni bo‘la olmadi.

Aslida muammolar Fergyuson davrida ham boshlangani sir emas. Misol uchun, Krishtianu Ronaldu «Real»ga rekord summaga sotilgan bo‘lsa-da, ushbu mablag‘ning 20 foizi ham uning o‘rnini to‘ldirish uchun sarflanmagan. Gleyzerlar Fergyusonning murabbiylik salohiyatiga ishonib qolishgan, serning oxirgi besh yilida summa nuqtayi nazaridan yirik transferga qo‘l urilmagan ham. Fergyuson ketganidan so‘ng ham, bu siyosat davom etdi. Qachonki, klub yomon natijalarni ko‘rsatib, bu holatda jamoa grandlar safidan chiqib, daromadlar pasayib ketishi xavfi paydo bo‘lganidagina «tipirchilay» boshlashdi. Shunda ham, layoqatli sport direktori yoki aniq rivojlanish rejasi bo‘lmaganidan, transfer uchun ajratilgan mablag‘lar ham havoga ketdi. Muxlislar Fergyusondan keyingi davrdagi beqarorliklarda ham, Vudvordning xatolarida ham, albatta, Gleyzerlarni bosh aybdor deb bilishadi. Joze Mourino juda yomon natijalar bilan iste'foga chiqarilgan bo‘lsa-da, aksariyat muxlislar portugaliyalik mutaxassisning tarafida bo‘lishgan. Bir yil oldin APLda 2-o‘rinni olgan klubga kuchayish uchun faqat Fred olib berilgandi, xolos.

Mittenning aytishicha, klub stadionni yaxshilash, rekonstruksiya qilish uchun umuman harakat qilmadi. Zero, Gleyzerlar kelmasidan oldin, so‘nggi 12 yilda to‘rt marta shunday ishlar amalga oshirilgan, klub amerikaliklar qo‘liga o‘tishidan avval 75 ming o‘rinli stadionni kengaytirilishi tasdiqlab ulgurilgan edi.

2000-yillarda «Yunayted»ning mashg‘ulotlar bazasi Angliyada eng yaxshisi edi. Hozir bularning hammasi tarix, hech qanday jozibadorligi qolmagan.

Ha, tan olish kerak, ijobiy tomonlar ham bor. Masalan, so‘nggi o‘n yilda klub chipta narxlarini muzlatgan va boshqa top-klublardan farqli ravishda, narxlar oshirilmagan. Ammo dastlabki 5 yilda narxlar tez sur'atlarda yuqoriga o‘sib ketgandi.

«Old Trafford»da, klubda haqiqatan ham fidoyi bo‘lgan, klub manfaatlari uchun jon kuydiradigan insonlar ishlashini e'tirof etish lozim. Aynan ular klub imiji, muxlislar bilan munosabatlar borasida qayg‘urib keladilar. Aytaylik, klub pandemiyada davrida o‘z personalini hukumat ta'minotiga o‘tkazib yubormadi, maoshlar saqlanib qolindi. Shuningdek, fanatlarning Yevropa Ligasi doirasidagi Qozog‘istondagi uchrashuviga bepul borishlari ta'minlandi. So‘nggi paytlarda, klub o‘z rivojlanish kursini o‘zgartirgani, pul sarflashda ham, transferlarda ham yomon harakat qilmayapti, ammo bu ijobiy kayfiyat Superliga mashmashasida bir chetga chiqdi. 

«Yunayted» muxlislari klub muvaffaqiyati uchun tepada biror oligarx turishi shart emasligini bilishadi, klub barqaror daromad keltirib, ikki oyog‘ida dadil tura olishiga ishonishadi. Lekin bu daromadlar klubning bo‘yniga ilib qo‘yilgan qarzlarni yopishga ketaversa, «Yunayted» oyog‘iga tosh bog‘langan suzuvchi singari, boshqa top-klublar bilan raqobat qila olmaydi.

Q.Aslanov tayyorladi

Top