17:14 / 03.05.2021
47072
«Islomobod» masjidi minoralarini buzish to‘xtatildi. Buzishga kim buyruq bergani noma'lum

O‘zbekistondagi eng katta masjid bo‘lishi kutilayotgan «Islomobod» masjidining ikkita minorasi kutilmaganda buzila boshlandi. Jamoatchilik e'tirozidan so‘ng buzish ishlari to‘xtatildi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bir necha kun oldin Toshkent shahrining Olmazor tumanida qurilayotgan «Islomobod» masjidining to‘rtta minorasidan ikkitasini buzish boshlangan edi. Natijada minoralar buzilishidan norozi fuqarolar masjid hududiga to‘plangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan ko‘rinishicha, masjid imom-xatibi Abdullo Yo‘ldoshev to‘planganlarga masjidning orqa tarafdagi ikkita minorasi «mablag‘ yetishmovchiligi sababli» bekor qilingani va masjid loyihasi ham shunga muvofiq yangilanganini ma'lum qilgan.

Ustaboshi Muhammadjon Umarovning Kun.uz'ga aytishicha, noma'lum shaxslar kelib masjidning ikkita minorasini buzmoqchi bo‘lgan va minoralardan birining bir qismini buzishga ham ulgurishgan.

Ma'lum bo‘lishicha, bugun, 3 may kuni noma'lum shaxslar jamoatchilik noroziligi tufayli buzishni to‘xtatishgan va masjid eski loyiha bo‘yicha, 4 ta minora bilan qurilishi aytilgan.

Masjid imomi ham, qurilish prorabi ham, Kun.uz murojaat qilgan boshqa mas'ullar ham masjid minoralari kimning buyrug‘i asosida buzila boshlanganini ayta olmadi.

 

oLCpoxNEWJbKZbB91k6ovoZdUDiyOTad.jpg (1595×894)

Ma'lumot uchun, O‘zbekistondagi eng yirik masjid bo‘lishi kutilayotgan «Islomobod» masjidi qurilishi boshlanishi oldidan barcha tegishli idoralardan ruxsat olingan.

Masjid 13 ming namozxonga mo‘ljallangan. Loyihada asosiy bino, hovli va tahoratxonadan tashqari, 64 metrli 4 ta minora va to‘rt qavatli avtomobillar turargohi ko‘zda tutilgan.

Top