21:25 / 03.05.2021
1105
Namangan viloyati hokimiga o‘rinbosar tayinlandi

Namangan viloyati hokimining 28 apreldagi qaroriga asosan, Botirjon Qodirxonovich Nuriddinov Namangan viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Botirjon Nuriddinov 2020 yil 20 oktyabrdan buyon Namangan viloyati hokimining turizm va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlab kelgan.

Nuriddinov 1976 yil 14 dekabr kuni Namangan shahrida, ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy: 1998 yil Namangan muhandislik-pedagogika institutini, 2010 yil Davlat boshqaruvi akademiyasini, 2016 yil Yaponiyadagi Osiyo va Tinch okeani universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi – iqtisodchi-menejyer, xalqaro aloqalar.

Mehnat faoliyatini 1998 yilda «O‘z-Elektroterm» AJ mutaxassisi vazifasidan boshlagan. U 2000-2020 yillar mobaynida Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari bo‘yicha Namangan viloyati boshqarmasi, Namangan viloyati ko‘chmas mulk birjasi, «O‘zagrosug‘urta» Namangan shahar bo‘limi, Namangan shahar hokimligi hamda Yaponiyadagi «Hopeas» savdo kompaniyasida turli mas'ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Top