08:09 / 03.05.2021
23948
«O‘zbek tilida ish yuritishga qarshilar o‘qisin» – Karim Bahriyev turli davlatlarda til qoidalarini buzishga qanday jazo belgilangani haqida
Foto: KUN.UZ

Jurnalist, shoir, tarjimon va media huquqi mutaxassisi Karim Bahriyev dunyoning turli mamlakatlarida davlat tili qoidalarini buzishga qanday jazo belgilangani yuzasidan fikrlarini bildirdi.

Ijodkor o‘z Facebook sahifasida e'lon qilgan ma'lumotlarni ayni kunlarda parlament quyi palatasida ko‘rilayotgan «Davlat tili haqida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamalarida turli vajlar bilan o‘zbek tili rivojiga qarshi bo‘layotgan ayrim deputatlarga bildirish sifatida ham qabul qilish mumkin.

Shuningdek, maqola til masalasining ahamiyati naqadar yuqori ekanini tushunib yetmay (balki bilimi yetmay), ovoz berish jarayonida betaraf qolayotgan «uyqudagi» deputatlarni ham uyg‘onishga da'vat qiladi.

Dunyo mamlakatlarida davlat tili qoidalarini buzishga qanday jazo beriladi?

Rocciya

«Davlat tili to‘g‘risida»gi Rossiya Federal qonuniga ko‘ra, mulkchilik shaklidan qat'i nazar, Rossiya hududida faoliyat yurituvchi har qanday tashkilot davlat tili (rus tili)da ish yuritishi, tashkilotni nomlashda ham davlat tilidan foydalanishi belgilangan. Rossiyada 190dan ortiq millat va elat yashaydi. Qonunni buzish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Germaniya

«Ma'muriy amaliyotlar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, ma'muriy amaliyotlar uchun rasmiy til sifatida nemis tili belgilangan. Agar mas'ul idoraga nemis tilidan boshqa tilda murojaat qilinsa, organ darhol uning nemis tiliga tarjimasini talab qilishi kerak. Nemis tilidan boshqa tilda murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.

Irlandiya

Davlat tili sifatida irland va ingliz tili qabul qilingan. Davlat organlarida davlat tillari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinayotganini tekshirish bo‘yicha alohida organ mavjud. Agar davlat organi ushbu tashkilotga hujjatlarni taqdim qilmasa, ular bilan hamkorlik qilmasa, ushbu organ mansabdor shaxsi uchun 2000 yevrogacha jarima yoki 6 oy qamoq jazosi belgilangan. Bu tekshiruvlar natijasida til to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgani aniqlansa, davlat organi mansabdor shaxsi javobgarlikka tortilishi mumkin.

Fransiya

Konstitutsiyada faqat fransuz tili davlat tili deb belgilangan. Tubon qonuniga ko‘ra, davlat tashkilotlari tomonidan ish yuritish istisnosiz fransuz tilida olib boriladi, terminlarning fransuzcha muqobili turganda, inglizchasi yoki boshqa tildagisini ishlatish taqiqlanadi. Fransiya aholisining 51 foizi fransuz tilidan boshqa tilda gaplashadi. Qonun talablariga rioya qilmaganlik jismoniy shaxsga 700 yevro, yuridik shaxsga 3750 yevro jarima solinishiga sabab bo‘ladi, boshqa tilda peshlavhasi yoki yorlig‘i yozilgan mulk musodara qilinishi ham mumkin.

Gruziya

«Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, davlat korxona va tashkilotlarida faqat gruzin tilida ish yuritiladi, zarurat tug‘ilsa, hujjatlar boshqa tillarga tarjima qilinishi mumkin, ammo bu tarjimalar rasmiy hujjat hisoblanmaydi.

Ozarboyjon

Konstitutsiyaga ko‘ra, davlat tili ozarboyjon tili hisoblanadi. «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, tashkilotlarda ish yuritish davlat tilida olib boriladi. Qonun talabiga rioya qilmaslik tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Turkiya

Barcha yozishmalar, yozuv va hisob-kitoblar hech qanday istisnolarsiz turk tilida olib borilishi talab etiladi. Ushbu talabga rioya qilmaganlik ma'muriy jarimaga tortilishga sabab bo‘ladi. Turk yuridik shaxslari o‘rtasida tuzilgan turk tilida bo‘lmagan shartnomalar bekor qilinadi.

Qatar

2019 yilda qabul qilingan yangi qonunga ko‘ra, Qatarda barcha davlat organlari va rasmiy hujjatlarda arab tilidan majburiy foydalaniladi. Qonun talablariga amal qilmaganlik uchun 50 000 Qatar riali (14 000 AQSh dollari atrofida) miqdorida jarima belgilangan.

Top