22:08 / 03.05.2021
23688

«Paxta yog‘i narxi arzonlashi kutilmoqda» - Aksilmonopoliya qo‘mitasi vakili

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Davlatov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i narxining jahon bozoriga nisbatan yuqori o‘sganligi sabablari, paxta yog‘i va chigit narxi shakllanishi ustidan o‘rnatilgan nazorat va narxlarda kutilayotgan o‘zgarishlar haqida ma'lumot berdi.

— 2021 yil boshidan beri jahon bozorida o‘simlik yog‘i narxlari 21 foizga oshdi. O‘zbekistonda esa 30 foiz oshgani kuzatilmoqda. Bu qadar yuqori tafovutning sabablari nimada?

— To‘g‘ri, jahon miqyosini oladigan bo‘lsak, narxlar 21 foizga oshdi. Biz kungaboqar yog‘i import qiladigan asosiy davlat Rossiyada narxlar 30 foizdan ziyod darajada yuqoriladi. Shu sababli bizda ham narxlar 30 foizgacha oshishi kuzatildi.

Bundan tashqari, Rossiyada narx oshishi bilan birga, bizdagi logistika xizmatlari ham bor. Narxlarning oshish sur'atlari logistika jihatdan ham farq qiladi.

Tayyor mahsulotni olib kelish uchun logistika xarajatlari bo‘ladi. Pandemiya sababli logistika xizmatlari narxlarida o‘sish kuzatildi.

Shuning uchun jahon bozori yoki Rossiyaning ichki bozoridagi kungaboqar yog‘i narxining o‘sishi bilan bizning ichki bozordagi kungaboqar yog‘i narxi o‘sish tendensiyasi farq qiladi. Asosiy sabab shunda.

O‘tgan yili 258 ming tonna o‘simlik yog‘i import qilganmiz. Shundan 68 foizi Rossiyadan, qolgan qismi Qozog‘iston va Ukrainadan olib kelingan.

— Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan paxta yog‘i va chigiti narxi shakllanishi ustidan nazorat kuchaytirilgani xabar qilindi. Bu narxlarga qanday ta'sir qiladi?

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Davlatov 

— Qo‘mitaning tegishli buyrug‘iga asosan, kompleks o‘rganish tashkil etildi. Nazorat kuchaytirildi.

Biz bu ishni ikki yo‘nalishda amalga oshiramiz. Birinchisi, narx bo‘yicha, ya'ni narxlarga ta'sir etuvchi omillarni, ularning shakllanishi, nimalar narxlar oshishiga ta'sir qilgani yuzasidan o‘rganishlar olib borilmoqda.

Ikkinchi yo‘nalishda yog‘-moy korxonalarini yoki ularga chigit yetkazib beruvchi klaster korxonalarining o‘zaro munosabatini o‘rganamiz. Bunda har qanday til biriktirish holatlari, bozordagi ulushi 35 foizdan yuqori xo‘jalik sub'yektlarining narxlarni sun'iy ushlab turishi bor-yo‘qligi, mahsulot tanqisligini keltirib chiqarish maqsadida bir-biri bilan kelishib olinganlik harakati tekshiriladi.

Narx masalasiga kelsak, respublikamizda bugungi kunda 80 dan ortiq yog‘-moy ishlab chiqaruvchi korxonalar bor. Shundan 23 tasi – «O‘zyog‘moysanoat» uyushmasiga a'zo korxonalar. Bular monopolist sifatida davlat reyestriga kiritilgan. Ya'ni biz ularning narxlari shakllanishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazishimiz mumkin.

Narxlarni asossiz oshirish holatlari bo‘lsa, tegishli tartibda choralar ko‘rish vakolatiga egamiz.

Qolgan 50 dan ziyod korxona tadbirkorlik sub'yektlari hisoblanadi va hech qanaqa ustun mavqega ega emas. Shu sababdan ular o‘zlarining mahsulot narxlarini bozordagi talab va taklifdan kelib chiqib belgilaydi.

Lekin bunda ham o‘zaro til biriktirish holatlari bo‘lgan taqdirda qo‘mita tomonidan tegishli choralar ko‘riladi.

— O‘zbekiston yog‘ mahsulotlari import qiluvchi davlatlardan biri. 2021 yil oxirigacha dunyoda o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish kamayishi ma'lum qilinmoqda. Bu jarayonda respublikamizda narxlar yana necha foizgacha ko‘tarilish ehtimoli bor?

— Bu haqda prognoz qiladigan bo‘lsak, asosiy importimiz Rossiyaga bog‘liq bo‘lgan kungaboqar yog‘idir (68 foiz).

1 iyundan boshlab ularda kungaboqar tayyor mahsulotiga 30 foiz eksport boji qo‘llanila boshlanadi. Mahsulot urug‘iga esa 70 foiz.

Eksport bojlarini hisoblash tartiblari bor. O‘shanga qarab o‘rtacha olib kiriladigan narxlar 30-40 foizgacha oshish ehtimoli mavjud.

Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan ko‘rilayotgan choralar natijasida, xususan, import uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini olib tashlash, boshqa davlatlardan kungaboqar yog‘ini olib kirish rejalashtirilayotgani inobatga olinsa, narxlar yuqori darajada oshib ketishi ehtimoli yo‘q.

Ayniqsa, paxta yog‘i narxi tushishi kutilmoqda. Masalan, o‘rtacha 12-13 ming so‘m atrofida, maksimum 15 ming so‘m bo‘lishi mumkin.

Paxta yog‘i faqat o‘zimizda ishlab chiqariladi. Katta bo‘lmagan hajmda eksport ham qilinadi. Bizda asosan, kungaboqar va soya yog‘lari import qilinadi.

— Paxta yog‘i o‘zimizda yetarli ishlab chiqarilsa-da, narxi oshib bormoqda. Buning asosiy sabablari nimada?

— Respublikamizda aholi iste'moli uchun yiliga kamida 310 ming tonna o‘simlik yog‘i talab etiladi. O‘tgan yili 450 ming tonna yog‘ mahsulotlari ichki bozorga realizatsiya qilingan. Shundan 250 ming tonnasi import qilingan.

Bu aholini o‘simlik yog‘i bilan to‘liq ta'minlash quvvatiga ega emasmiz, degani. Importdan ko‘p hajm kelayotgani hisobiga narxlarimiz ham, talabimiz ham unga bog‘liq bo‘lib qolgan.

Islombek Umaraliyev suhbatlashdi.
Tasvirchi – Doniyor Yakubov
Montaj ustasi – Azimjon Vohidov

Top