17:01 / 03.05.2021
2019

Samarqand viloyatidagi maktablarda qancha o‘qituvchi yetishmayotgani ma'lum qilindi

Bugungi kunda viloyatdagi umumta'lim maktablariga bir stavka hisobidan 606 nafar pedagog kadrlarga ehtiyoj bor. Bu haqda xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida ma'lum qilindi. 

Hududlar bo‘yicha tahlil qilinganda eng katta ehtiyoj Nurobod tumaniga to‘g‘ri kelishi ma'lum bo‘lgan. Mazkur tumanga 167 nafar o‘qituvchi kerak. Shuningek,  Qo‘shrabotda 158, Narpayda 58, Urgutda 47, Ishtixon 38, Payariqda 32 va Pastdarg‘om tumanida 30 nafar o‘qituvchiga ehtiyoj bor. 

Ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan 269 ta «qizil» maktabda pedagoglarga bo‘lgan ehtiyoj 420 nafarni, olis hududda joylashgan 62 ta maktabda 169 nafarni tashkil etadi. 

Ushbu ehtiyojni Samarqand davlat universitetining 2290 nafarga yaqin (shundan 542 nafari davlat granti) bitiruvchilari orasidan qoplash rejalashtirilgan.
Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi rahbari Zebiniso Shodiyevaga ko‘ra, mazkur bitiruvchilar orasidan pedagogik qobiliyatga ega yoshlar tanlab olinib,  ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan 269 ta va olis hududda joylashgan 62 ta maktabga ishga qabul qilinadi. Pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlar ish.uzedu.uz saytiga ham joylashtirilgan.

Ma'lumot uchun, hozirgi kunda viloyatda 56 370 nafar o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan 47 552 nafari (84,4 foiz) oliy, 1 893 nafari (3,4 foiz) tugallanmagan oliy, 6 925 nafari (12,3 foiz) o‘rta maxsus ma'lumotli o‘qituvchilar hisoblanadi.

Top