21:48 / 03.05.2021
3374

Urgutda dehqon xo‘jaligiga so‘roqsiz tok ekkan shaxs yer egasini pichoqlab o‘ldirdi

Illyustrativ foto

Samarqand viloyati Urgut tumanida dehqon xo‘jaligiga so‘roqsiz tok ekkan shaxs xo‘jalik rahbarini pichoqlab o‘ldirgan. Bu haqda Samarqand viloyat prokuraturasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 30 aprel kuni Urgut tumani Terak mahallasida yashovchi fuqaro S.P. shu mahallada yashovchi O.K. bilan janjallashib qolgan. Janjalga O.K. o‘z rahbarligidagi dehqon xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 50 sotix yer maydonining 20 sotixiga S.P. tomonidan so‘roqsiz ekilgan tok ko‘chatlarini buzib tashlagani sabab bo‘lgan.

Xo‘jalik rahbari tokzorni buzganidan g‘azablangan S.P. o‘zaro kelib chiqqan janjal davomida yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan O.K.ning bo‘yin sohasiga bir marotaba urib, uni qasddan o‘ldirgan.

Qayd etilishicha, mazkur qotillik yuzasidan IIB tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ta'kidlanishicha, ushbu jinoyat ishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan. 3 may kuni Samarqand viloyat prokurori R.Masharipov, viloyat IIB boshlig‘i Sh.Rahmonov, viloyat DSB boshlig‘i A.Inagamov, tuman sektor rahbarlari, mahalla faollari, imom-xatiblar, marhum va ayblanuvchining yaqin qarindoshlari ishtirokida Terak mahallasida bu jinoyatning kelib chiqish sabablari muhokama qilingan. Kelgusida shu va boshqa jinoyatlarning oldini olish maqsadida tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

 

Mavzuga oid
Top