17:09 / 04.05.2021
11340
Dinozavr suyaklari va oltin tarkibli toshlar. 1926 yilda ochilgan Geologiya muzeyiga fotosayohat

 Davlat geologiya muzeyi respublikaning noyob geologik merosi ekspozitsiyalari jamlangan muassasalardan biri hisoblanadi. Ko‘rgazmalar zallarida namoyish etiladigan tarixiy, arxeologik va geologik eksponatlar dunyo ahamiyatiga ega.

Foto: Kun.uz

Muzey 1926 yilda tashkil topgan bo‘lib, bugungi kunda 12ta ko‘rgazma zallariga ega. Bu yerda Yerning geologik taraqqiyot bosqichlari, davrlar izini qoldirgan o‘zgarishlar, qadimgi tog‘-kon sanoat qazilmalari, qadimgi jonzotlar, dinozavrlar qoldiqlari, ularning tosh qotgan qadam izlari, toshlarda abadiylikka muhrlanib qolgan boshqa jonzotlar va asosiysi, O‘zbekistonning geologik boyligi va turfa xilligiga guvoh bo‘lish mumkin.

Davlat geologiya muzeyi

Ta'kidlash joizki, tabiiy axborot tashuvchilar hisoblangan muzey eksponatlari geologik jismlarning tuzilishi va tarkibi to‘g‘risidagi eng asosiy va yagona ma'lumot bo‘lib xizmat qiladi.

Zallaridagi eksponatlar va boshqa ko‘rgazmalar to‘g‘risidagi ma'lumotlar ekskursovodlar tomonidan 3 tilda: o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi. Har bir tashrif buyuruvchi muzeydagi tarixiy topilmalar hamda tabiiy boyliklarning noyob turlarini ko‘rishi mumkin.

Dastlabki geologiyaga kirish zalida O.Yu.Shmidt gipotezasiga ko‘ra, Yerning paydo bo‘lishi tasvirlangan. Umuman, ushbu birinchi zalda vulqon tuzilmasi, portlash turlari magmatizm jarayonlari, yer po‘stining sxemasi, metamorfizm haqida tushunchalar, daryolar va vodiylarning shakllanishi, sellarning, jarlikning dastlabki rivojlanish bosqichlari, Yerning ichki tuzilishi maketi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, zal markazida “geologiya” so‘zi atrofida geologiya tarmoqlari ko‘rsatilgan diagramma ham joylashtirilgan.

Muzeyning qadimgi tog‘-kon sanoat qazilmalar zalida qadimgi odamlarning mehnat qurollari, hunarmandchilik va uy-ro‘zg‘or buyumlari, tangalar taqdim qilingan.

Umurtqalilar zalida har xil hayvonlar umurtqa qoldiqlari, baliq, toshbaqa, timsoh, dinozavr va xartumlilar, zal markazida dinozavr skeleti qo‘yilgan. Dinozavr suyaklarini 1961 yilda Toshkentdan 45 km uzoqlikda Kelesda topishgan. O‘rdak burunli o‘txo‘r Proxeneozavr turiga mansub.

Bu zalda, shuningdek, umurtqalilarning qovurg‘alari, qo‘l va tirnoq bo‘g‘imlari, toshbaqalarning tosh qotgan kosa parchalari, dinozavrlarning tosh qotgan qadam izlari va boshqa ko‘plab noyob tarixiy eksponatlarni tomosha qilish mumkin.

Zalning asosiy eksponatlaridan biri Arxidiskadon qoldiqlari hisoblanadi. U 2013 yilda Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududidan topilgan. Arxidiskadon xartumlilar oilasiga mansub bo‘lib, u mamontlar avlodiga kiradi. 2-2,5 mln yil avval yashagan.

Muzeyning eng asosiy ko‘rgazma zali – bu shubhasiz, mamlakatning geologik xilma-xilligidan so‘zlovchi eksponatlar zali hisoblanadi. Unda 2000dan ortiq hayratlanarli, chiroyli va qimmatbaho namunalar saqlanadi.

Bu yerdagi minerallar kolleksiyasi qazilma ishlari natijasida yig‘ilgan, bu minerallarda deyarli Mendeleyev jadvalining hamma elementlari mavjud. Minerallar halq sanoati ishlab chiqarilishining turli xil yo‘nalishlari bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan. Bulardan metallurgiya, kimyoviy sanoat, keramika, meditsina, optika, zargarlik ishlari va yana bir necha yo‘nalishlarda ishlatiladi.

Bu zaldagi ajoyib minerallarni va tog‘ jinslarini nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoda butun dunyo konlari bo‘ylab uchratishingiz mumkin. Muzey kolleksiyasidagi tog‘ jinslari nafaqat faoliyatini to‘xtatgan konlar, balki hozirgi kunda faol ishlayotgan konlardan keltirilgan.

Bu siz o‘ylagandek qorasaqich emas. Ushbu noyob toshning nomi obsidian deb ataladi

Ko‘mirdan ishlangan arslon

Geologiya muzeyi nafaqat fanning dalili sifatida o‘rni yuqori, balki u fundamental ahamiyatga ham ega hisoblanadi. Shuningdek, bu yerda respublikaning barcha geologik bilim yurtlari uchun mineralogiya, petrografiya, paleontologiya va boshqa geologik yo‘nalishlarda leksiyalar o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, mamlakat geologiya tarmog‘ining yutuqlarini va geologiyaga doir bilimlarni aholi orasida ommalashtirishda faol ishtirok etadi.

Yigitali Mahmudov, Kun.uz muxbiri,
Suratlar muallifi – Nuriddin Nursaidov.

Top