18:38 / 04.05.2021
14019
Joze Mourino Italiyadan ish topdi

Rimning «Roma» klubi portugaliyalik mutaxassis Joze Mourino bilan kelishuvga erishganini rasman e'lon qildi.

«Klub portugaliyalik murabbiy Joze Mourino bilan kelishuvga erishganini ma'lum qiladi. Yangi – 2021/22 yilgi mavsumdan boshlab Mourino jamoa bosh murabbiyi sifatida boshlaydi», - deyiladi Rim klubi xabarida.

Italiyalik insayder Fabritsi Romanoning yozishicha, tomonlar 2024 yilga qadar belgilangan shartnomani imzolashgan. 

Bir necha soat avvalroq, «Roma» klubi jamoa bosh murabbiyi Paulo Fonseka ikki yillik faoliyatidan keyin joriy mavsum yakunida klubni tark etishi haqida rasman e'lon qilgandi. 

Ma'lumot uchun, Fonseke boshqaruvidagi rimliklar A Seriya 34-turidan keyin 55 ochko bilan 7-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, Yevropa ligasi yarimfinal dastlabki uchrashuvida «MYu» maydonida yirik 2:6 hisobida mag‘lubiyatga uchrab, turnir bilan xayrlashish arafasida turibdi.

Eslatib o‘tamiz, Joze Mourino aprel oyida «Tottenhem»dan iste'foga chiqarilgandi. «Roma» klubi portugaliyalikning Italiyadagi ikkinchi ish joyiga aylanadi. Bungacha 58 yoshli mutaxasis 2008-2011 yillar davomida «Inter» klubida faoliyat yuritgandi.

Top