08:18 / 04.05.2021
4714

O‘zbekistonda boksni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi

Prezident tomonidan «Boksni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror imzolandi.

Quyidagilar boksni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • boksni aholi o‘rtasida eng ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • boks infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda xalqaro talablarga moslashtirish, boks maktablarini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ko‘paytirish;
  • boks bo‘yicha professional trenerlar va hakamlarni tayyorlash tizimini rivojlantirish, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish, ilmiy-metodologik bazani yanada kuchaytirish;
  • Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlariga boksni bosqichma-bosqich kiritish;
  • o‘zbek boksining dunyodagi yetakchiligini saqlab qolish va davom ettirish yuzasidan zarur choralarni ko‘rish;
  • ayollar boksini rivojlantirish yuzasidan uzoq yillarga mo‘ljallangan istiqbolli rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • sport ta'lim muassasalarida boks bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlarini oshirish.

Andijon viloyati (Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari), Buxoro viloyati (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari), Qashqadaryo viloyati (Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari) hamda Toshkent viloyatlarida (Sirdaryo va Toshkent viloyatlari, Toshkent shahri) Turizm va sport vazirligi huzurida boks bo‘yicha oliy sport mahorati maktablari davlat muassasasi sifatida tashkil etiladi.

Boks maktablarida o‘qish 7-sinfdan tashkil etiladi, ta'lim olish muddati 5 yil etib belgilanadi, bunda o‘quvchilarga bepul ta'lim olish, olimpiya zaxiralari kollejlarining o‘quvchilari uchun bir kunlik oziq-ovqat me'yorlariga muvofiq oziq-ovqat bilan ta'minlanish hamda o‘quvchilar turar joyida bepul yashash huquqi beriladi.

Rahbarlar, trenerlar, sportchilar va boshqa xodimlarga ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Boksni 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi;
  • Boksni 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2021-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»;
  • Boksni 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi maqsadli ko‘rsatkichlari.

Boks bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulotlar bazasini va boks maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash, jihozlash hamda ular faoliyatini ta'minlash maqsadida belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha chetdan olib kiriladigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan maxsus sport anjomlari va jihozlari, o‘quv uskunalari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, inventar, qurilish materiallari va moddiy-texnik resurslar 2023 yil 1 martga qadar bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi.

Mavzuga oid
Top