07:56 / 04.05.2021
3039
Saudiya Arabistonida O‘zbekiston Migratsiya agentligi vakolatxonasi ochilishi kutilyapti
Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Joriy yil 3 may kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga tashrifi doirasida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Saudiya Arabistoni Mehnat va ijtimoiy taraqqiyot vazirligi hamda Davlat investitsiya jamg‘armasi rahbariyati bilan uchrashdi.

Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida mehnat munosabatlari sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Ikki mamlakat iqtisodiy tarmoqlari kesimida malakali mehnat resurslariga bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqib, mehnat masalalari bo‘yicha amaliy hamkorlik ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi tashqi mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni imzolash orqali O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani shakllantirish zarurligi ta'kidlandi.

Mehnat munosabatlari sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni tizimlashtirish maqsadida Saudiya Arabistonida O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining vakolatxonasini ochish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi vakillari bilan muzokaralar chog‘ida qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish borasida O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi o‘rtasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Ma'lumot uchun, Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi umumiy aktivlari 390 mlrd dollarga teng bo‘lgan dunyoning eng yirik suveren investitsiya jamg‘armalaridan biri hisoblanadi. Jamg‘arma 1971 yilda Saudiya Arabistoni milliy iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. Jamg‘arma tashkil etilganidan buyon podshohlikning asosiy investitsiyaviy vositasi bo‘lib, neftni qayta ishlash, neft kimyosi, energetika, telekommunikatsiya va boshqa sohalardagi strategik loyihalarni moliyalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 2014 yildan beri jamg‘armaga podshohlik ichida va tashqarisida yangi loyihalarni moliyalashtirish vakolati berilgan.

Avvalroq, O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga tashrif buyurishi kutilayotgani xabar qilingandi

Top