21:51 / 04.05.2021
26286

Yerga Xitoyning nazorati yo‘qotilgan fazoviy raketasi qulamoqda

Yerga Xitoyning nazorati yo‘qotilgan 21 tonnalik «Chanchjen-5» fazoviy raketasi qulamoqda. Astrofiziklarning ta'kidlashicha, raketa qayerga tushishini oldindan aytish ilojsiz.

U biror bir aholi punktiga tushishi ham ehtimoldan xoli emas. Raketa aprel oxirida orbitaga Xitoyning birinchi koinot stansiyasi – «Tyanxe»ning asosiy modulini yetkazgandi. Endilikda raketaning markaziy moduli Yer atrofida 27,6 ming km/soat tezlik bilan erkin aylanib, tobora pastlamoqda.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, qurilma Yerga 8 maydan 12 maygacha oraliqda tushishi mumkin. Biroq uning Yer bilan aniq to‘qnashish vaqtini bundan 6 soat oldingina aytish mumkin bo‘ladi.

«Eng yomon vaziyatda bu kichik samolyotning qulashidek bo‘ladi. Uning bo‘laklari yuzlab kilometrlarga sochilib ketishi mumkin», deb aytgan Garvard-Smitson astrofizika markazi mutaxassisi Jonatan Makdauell.

Uning ta'kidlashicha, raketa atmosferaning zich qatlamlariga qaytganidan keyin uning qanday qismlari qolishi noma'lum, biroq ular «ziyon yetkazish uchun yetarli bo‘ladi».

Mavzuga oid
Top