18:29 / 05.05.2021
17417
Andijon shahri hokimi prezident qaroriga zid ravishda yer ajratish bo‘yicha qaror chiqardi. Mahalliy kengash uni kvorumsiz tasdiqlab yuborgan

Yer maydoni auksion orqali olinishi kerak edi, lekin hokim Bahrom Haydarovning qarori bilan, ta'sis etilganiga endi 1 oy bo‘lgan firmaga shahar markazidan 14 sotix yer uchastkasi to‘g‘ridan to‘g‘ri berib yuborilgan. Bu yerda qurilish qilish Shaharsozlik kodeksi va Andijon shahar bosh rejasiga zidligi haqida xulosa bor.

Xalq deputatlari Andijon shahar kengashi deputati Jahongir Jiyanovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, kengashning 2021 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan 19-sessiyasida shahar hokimi Bahromjon Haydarovning shaharning Yangi bozor hududida «ELEVADA UT GROUP» MChJ tomonidan 5 qavatli bino qurish, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlashga ruxsat berish to‘g‘risi»dagi qarori ko‘pchilik deputatlar tomonidan tasdiqlangan.

Jahongir Jiyanovning so‘zlariga ko‘ra, kengash a'zolari 2019 yil 26 avgust kuni qabul qilingan 4427-sonli prezident qaroriga zid ekanini bila turib, qarorni qabul qilishgan.

Jahongir Jiyanov - Andijon shahar kengashi deputati

Aslida prezident qaroriga muvofiq, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalari tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun faqat «E-IJRO AUKSION» savdo maydonchasida onlayn-auksion orqali berilishi belgilangan.

Holatga oydinlik kiritish yuzasidan Qurilish vazirligi huzuridagi Andijon viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasiga deputatlik so‘rovi ham yuborilgan. So‘rovga javoban inspeksiya Andijon shahar hokimi qarori bilan kengash tasdig‘iga kiritilgan ushbu qurilish noqonuniy va Shaharsozlik kodeksiga zid ekanini ma'lum qilingan.

Bundan tashqari, qurilish Andijon shahar bosh rejasiga zid bo‘lib, rejada qurilish o‘rnida ko‘cha va aholi uy-joylari bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, Andijon shahar hokimligi kengashning 13-sessiyasini avvalroq, shu yilning 16 aprel kuni Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010 yil 30 dekabrdagi 154-II-sonli qaroriga zid ravishda deputatlarga kun tartibida ko‘rib chiqiladigan masalalar bilan tanishib chiqish uchun tegishli hujjatlarni ham yubormasdan o‘tkazib yubormoqchi bo‘lgan.

Keyinchalik shahar hokimligining bu qarori bekor qilingan va sessiya 1 mayga ko‘chirilgan.

Deputatning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, 1 may kuni bo‘lib o‘tgan sessiyaga Andijon shahri hokimi Bahrom Haydarov shaxsan rahbarlik qilgan. Sessiyada jami 30 deputatdan 18 nafari qatnashgan va hokim qarori ko‘pchilik ovoz bilan tasdiqlangan.

«Sessiyada qatnashgan deputatlardan faqat men va yana 3 kishi bu qaror noqonuniyligini, prezident qarori, Shaharsozlik kodeksi va Andijon shahar bosh rejasiga zidligini aytdik. Hokim esa men sizlarga taklif kiritdim, xohlasangiz tasdiqlang dedi. Hokim va qolgan 14 nafar deputatning roziligi bilan ushbu noqonuniy qaror tasdiqlandi.

Aslida bu holat ham qonunchilikka zid, chunki Oliy Majlisi Senati Kengashining 154-II-sonli qaroriga ilova qilingan Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining Namunaviy reglamenti 13-moddasiga ko‘ra, agar sessiyada Kengash deputatlari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsagina, u vakolatli hisoblanadi. Sessiyada esa 30 nafar deputatdan 18 nafari qatnashgan, xolos.

Tushunaman, qolgan ko‘pchilik deputatlar hokimga bo‘ysunadigan tashkilot rahbarlari, ular ertaga hokim oldida turishdan qo‘rqadi. Agar sessiyada hokimning o‘zi qatnashmaganida, balki bu qaror tasdiqlanmagan bo‘larmidi…» – deydi Jahongir Jiyanov.

Bundan tashqari, shahar hokimi qarori asosida 5 qavatli bino qurish uchun yer ajratib berilayotgan shubhali korxona «ELEVADA UT GROUP» MChJ haqida ochiq manbalarda ham, hattoki global qidiruv tizimida ham hech qanday ma'lumot yo‘q.

Kun.uz manbalarining xabar berishicha, korxona atigi bir oy avval, ya'ni 2021 yil 1 aprel kuni 14 million 300 ming so‘m ustav fondi bilan tashkil qilingan. Jamiyat ta'sischilari Ergashev O‘tkirbek Rasuljonovich (69,9 foiz) va Anvarov Akbarjon Akromjon o‘g‘li (30,1 foiz) hisoblanadi.

Vaziyatga izoh olish uchun Andijon shahar hokimligi bilan telefon orqali bog‘langanimizda yetarli ma'lumot olishning imkoni bo‘lmadi. Mas'ullar esa chindan ham shunday qaror mavjudligi, agar deputat Jahongir Jiyanov hokimlikka kelsa, unga qaror asoslari ko‘rsatib berilishini aytish bilan cheklanishdi.

Shundan so‘ng holatni batafsil o‘rganish maqsadida Andijon shahar hokimligiga borgan Kun.uz muxbiriga ham qaror nusxasi va unga tegishli birorta hujjat ko‘rsatib berilmadi.

Biz bilan telefon orqali muloqot qilgan shahar hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari barcha ma'lumotlarni qurilish bo‘limidagilar taqdim etishini, o‘zi esa bandligini aytdi. Qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Bahromjon Soliyev esa hech qanday ma'lumotga ega emasligini aytdi.

Ko‘rib turganingizdek, shahar hokimi qonunga va shaharsozlik talablariga zid ravishda yaqindagina tashkil etilgan firmaga yer ajratib bergan. Qurilish ishlari boshlab yuborilgan.

Korrupsiya alomatlari yaqqol ko‘rinib turgan ushbu masalani Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va prokuratura o‘rganib chiqishi maqsadga muvofiq.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top